Sakkiz oyda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 8,7 foizga ortdi
2026-yilning yanvar-avgust oylarida O‘zbekistonda 62,8 milliard kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Energetika vazirligi axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, bu o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichdan 5 milliard kVt⋅soat yoki 8,7 foizga ko‘p.
Mazkur hajmning asosiy qismi issiqlik elektr stansiyalari hissasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lib, ular tomonidan 44,5 milliard kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Katta quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalari 9,1 milliard kVt⋅soat, gidroelektr stansiyalari esa 6,2 milliard kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqargan.
Kichik quvvatli quyosh panellari (Rooftop) orqali 2,3 milliard kVt⋅soat, blok-stansiyalar hissasiga esa 689,3 million kVt⋅soat elektr energiyasi to‘g‘ri keldi.
Bu davrda elektr energiyasiga bo‘lgan ichki talab ham oshgan. Respublika iste’moli 61,4 milliard kVt⋅soatni tashkil etib, 2025-yilning yanvar-avgust oylaridagi ko‘rsatkichdan 3,6 milliard kVt⋅soat yoki 6,2 foizga yuqori bo‘ldi.
Elektr energiyasi eksporti 3,1 milliard kVt⋅soatga yetdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 753 million kVt⋅soat yoki 31,7 foiz ko‘p. Import hajmi esa 1,7 milliard kVt⋅soatni tashkil qildi va bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan 669,8 million kVt⋅soat yoki 28 foizga kamaydi.
Avgust oyida elektr energiyasi ishlab chiqarish sur’ati yanada yuqori bo‘ldi. Bir oy davomida mamlakatda 8,4 milliard kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu 2025-yil avgust oyidagi ko‘rsatkichdan 1,1 milliard kVt⋅soat yoki 14,4 foizga ko‘pni tashkil etgan.
Shu bilan birga, avgust oyida respublikada elektr energiyasi iste’moli ham 8,4 milliard kVt⋅soatni tashkil etdi. Mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilning avgust oyiga nisbatan 953,9 million kVt⋅soat yoki 12,7 foizga oshgan.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA