Ruxsatsiz qayta rejalashtirish holati nazoratga olindi
Navoiy viloyati hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi tomonidan ko‘p qavatli uylarning texnik holatini o‘rganish, ularda amalga oshirilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlarining qonuniyligi hamda xavfsizlik talablariga muvofiqligini ta’minlash yuzasidan nazorat tadbirlari izchil davom ettirilmoqda.
Navoiy shahri Amir Temur ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uylardan birida o‘tkazilgan nazorat tadbirida xonadon mulkdori tomonidan tegishli ruxsatnomalarsiz qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilayotgani, shuningdek, xonadonning ichki to‘siq konstruksiyalarini o‘zboshimchalik bilan qayta rejalashtirishga urinish holati aniqlandi.

– Aniqlangan holat yuzasidan xonadon mulkdoriga qonunga xilof ravishda amalga oshirilgan o‘zgarishlarni belgilangan tartibda bartaraf etish hamda xonadonni avvalgi holatiga keltirish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan muddatli yozma ko‘rsatma berildi, – deydi hududiy inspeksiya shu’ba boshlig‘i Yo‘ldosh Jumayev. – Shu bilan birga, berilgan yozma ko‘rsatma talablari belgilangan muddatda bajarilmagan taqdirda, amaldagi qonunchilikka muvofiq ma’muriy javobgarlikka tortilishi haqida mulkdor ogohlantirildi. Mazkur holat hududiy inspeksiya tomonidan nazoratga olindi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ko‘p qavatli uylarda xonadonning konstruktiv elementlariga ta’sir qiluvchi qayta rejalashtirish yoki qurilish-ta’mirlash ishlarini tegishli ruxsatlarsiz amalga oshirish nafaqat qonunchilik talablarining buzilishiga, balki bino konstruksiyalarining texnik holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va aholi xavfsizligiga tahdid tug‘dirishi mumkin. Shu bois xonadon egalariga qurilish-ta’mirlash va qayta rejalashtirish ishlarini boshlashdan oldin belgilangan tartibda tegishli ruxsat va kelishuvlarni rasmiylashtirish tavsiya etiladi.

Navoiy viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati hududiy inspeksiyasi tomonidan aholi xavfsizligini ta’minlash, ko‘p qavatli uylarning texnik holatini nazorat qilish hamda ruxsatsiz qurilish-ta’mirlash ishlarining oldini olishga qaratilgan tadbirlar hududlar bo‘ylab izchil davom ettirilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri