Suv, iqlim va xavfsizlik: Markaziy Osiyo "bir ovozda" so‘zlamoqda
Toshkentda Markaziy Osiyoning besh davlati, Germaniya va Yevropa Ittifoqi vakillari, olimlar hamda xalqaro tashkilotlar ishtirokida iqlim o‘zgarishiga moslashish masalalari muhokama qilinmoqda. Asosiy maqsad – ilmiy ma’lumotlarni amaliy qarorlarga aylantirish orqali mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish.
Muloqot davomida suv resurslari kelajagi, qurg‘oqchilik, muzlik erishi, iqlim xatarini baholash va salbiy holatlardan erta ogohlantirish mavzulariga alohida e’tibor qaratilyapti. Mutaxassislar muayyan ehtimoliy tahdid davlat chegarasida to‘xtab qolmasligini inobatga olib, mavjud muammolarga umumiy yondashuv zarurligini ma’qulladilar.
Tabiyki, respublikamiz uchun ham ayni masalalar juda dolzarb. 2026-yilga kelib mamlakatda suv tejovchi texnologiya vositalari 2,6 million gektar maydonni, ya’ni sug‘oriladigan yerning qariyb 60 foizini qamrab oldi. “Yashil” energetika ulushi hoziroq 30 foizdan oshdi, Orol dengizi qurigan tubida 2 million gektardan ziyod hududda himoya o‘rmonzori barpo etildi.
O‘zbekiston tomoni mintaqaviy iqlim siyosati ilmiy asoslangan ma’lumotga tayanishi, umumiy strategiya aniq loyihalarga aylantirilishi zarurligini ta’kidladi. Buning uchun davlatlar o‘rtasida muvofiqlashtirilgan ma’lumot va malakali mutaxassislar almashinuvi yo‘lga qo‘yilishi, iqlim moliyasiga kirish imkoniyati kengaytirilishi muhim.
[gallery-https://uza.uz/uz/collection/31830]
Tadbirda COP-31 oldidan “Bir mintaqa – bir ovoz” tamoyili asosida Markaziy Osiyoning umumiy iqlim ustuvorligini shakllantirish mavzusi ham muhokama qilindi. Besh davlat vakillari xalqaro hamkorlar bilan birga mintaqaviy hamkorlik va muvofiqlashuvni kuchaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqdilar.
Endi asosiy vazifa – kelishilgan yondashuvlarni amaliy natijaga aylantirish. Manbani tejash, erta ogohlantirish, iqlim va suv-meteorologiya ma’lumoti almashinuvi, ilmiy hamkorlik hamda transchegaraviy loyihalar jarayonning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilangan.
Musulmon Ziyo,
Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA