Rossiyada mitinglarda ishtirok etgan xorijliklar deportatsiya qilinadi (+video)
AQSH va Xitoy o‘rtasidagi Tayvan masalasi yana keskinlashmoqda. Rossiyada esa mitinglarda qatnashgan xorijliklarni deportatsiya qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi qabul qilindi. Kuba yonilg‘i zaxiralari tugab qolgani sabab og‘ir energetika inqiroziga yuz tutmoqda.
“Tayvan sabab AQSH va Xitoy to‘qnashishi mumkin” — Si Szinpin
Xitoy rahbari Si Szinpin AQSH prezidenti Donald Tramp bilan Pekinda o‘tgan uchrashuvda Tayvan masalasida keskin bayonot berdi. U Tayvan bo‘yicha noto‘g‘ri siyosat ikki davlat o‘rtasida jiddiy ziddiyat, hattoki to‘qnashuvga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi.
Muzokaralarda asosan iqtisodiy va savdo masalalari muhokama qilingan bo‘lsa-da, Si Szinpinning bayonoti AQSH–Xitoy munosabatlarini yumshatish bo‘yicha umidlarga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Donald Tramp uchrashuvni “ajoyib” deb baholadi, biroq Tayvan mavzusiga ochiq munosabat bildirmadi.
Rossiyada mitinglarda ishtirok etgan xorijliklar deportatsiya qilinadi
Rossiya Davlat dumasi xorijliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni deportatsiya qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.
Qonunga ko‘ra, ruxsat etilmagan mitinglarda qatnashgan, Rossiya armiyasini obro‘sizlantirgan yoki ekstremistik faoliyat bilan bog‘liq huquqbuzarlik sodir etgan xorijliklar mamlakatdan chiqarib yuborilishi mumkin. Hujjatda deportatsiya uchun asos bo‘ladigan o‘nlab yangi huquqbuzarliklar ham kiritilgan.
Saudiya urush paytida Iroqdagi jangarilarga zarbalar bergan — Reuters
Reuters agentligi xabariga ko‘ra, Erondagi urush davrida Saudiya Arabistoni harbiylari Iroqdagi Tehron qo‘llab-quvvatlaydigan shia jangarilariga zarbalar bergan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hujumlar Saudiya va boshqa ko‘rfaz davlatlariga dron hamda raketa hujumlari uyushtirilgan ob’ektlarga qaratilgan. Ayrim zarbalar AQSH va Eron o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi arafasida amalga oshirilgan.
Kubada yonilg‘i butunlay tugadi
Kuba hukumati mamlakatda dizel, mazut va xom neft zaxiralari deyarli qolmaganini ma’lum qildi. Oqibatda poytaxt Gavanada uzoq davom etayotgan elektr uzilishlari kuzatilmoqda.
Mamlakatning ko‘plab hududlari kuniga 20 soatgacha elektrsiz qolayotgani aytilmoqda. Oziq-ovqat, yonilg‘i va dori-darmon taqchilligi esa aholi noroziligini kuchaytirmoqda. AQSH sanksiyalari va neft narxlarining oshishi vaziyatni yanada murakkablashtirgan.
Latviya Rossiya va Belarus bilan avtobus qatnovini butunlay taqiqlaydi
Latviya hukumati Rossiya va Belarus bilan avtobus qatnovlarini to‘liq to‘xtatishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini tayyorladi.
Rasmiylar qarorni milliy xavfsizlik bilan izohlab, Rossiya chegarasida yo‘lovchilar maxsus xizmatlar tomonidan bosimga uchrashi mumkinligini bildirgan. Transport kompaniyalari esa yangi cheklovlar millionlab yevro zarar keltirishidan ogohlantirmoqda.
AQSHda alligatorlar qurshovidagi migrantlar qamoqxonasi buzib tashlanadi
AQSHning Florida shtatidagi “Alligator Alkatras” nomi bilan mashhur migrantlar saqlash markazi yopilib, buzib tashlanadi.
Everglades botqoqliklari hududida qurilgan markaz 5 ming kishiga mo‘ljallangan bo‘lib, u yerda migrantlar og‘ir va g‘ayriinsoniy sharoitlarda saqlanayotgani haqida ko‘plab shikoyatlar bo‘lgan. Hozir markazdagi migrantlarni boshqa joylarga ko‘chirish ishlari boshlangan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/sD-WgCpZgYw" title="Netanyahuning BAAga maxfiy tashrifi tasdiqlanmadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nozimbek Mardonov, Salim Obidjonov O‘zA