Roman Vidonyak: “Javohir bilan endigina ikkinchi bosqichdan o‘tdik”
Hamyurtimiz Javohir Sindorovning Kiprda poyoniga yetib borayotgan Nomzodlar turnirida muddatidan avval g‘oliblikka erishishida murabbiylar jamoasining xususan, Roman Vidonyakning alohida xizmatlari bor.
Bu haqda Javohir 13-tur yakunlaridan keyin jurnalistlarga bergan intervyusida ham alohida ta’kidlagandi.
Shundan so‘ng omadli murabbiyga turnir davomida jurnalist va blogerlarning savollari ko‘payib ketdi.

Tajribali murabbiy Roman Vidonyak Javohir Sindorovning Nomzodlar turniridagi g‘alabasidan keyin ayrim savollarga javob berdi:
— “Bu hali eng katta natija emas. Biz rejamizdagi to‘rt bosqichdan ikkinchisinigina yakunladik, – deydi R.Vidonyak. – Birinchisi, Nomzodlar turniriga chiqish edi. Ikkinchisi esa uni yutish. Bu bosqichlardan muvaffaqiyatli o‘tdik. Endi navbat uchinchi bosqich — jahon chempionligi uchun bo‘ladigan murakkab musobaqalarga munosib tayyorgarlik ko‘rishdan iborat. Biz uchun eng qiyini esa to‘rtinchi bosqich hisoblanadi. Ya’ni, reyting ko‘rsatkichida 2800 darajasiga chiqib, turnirlarda doimiy ustunlikka erishish. Bunday natijaga o‘z vaqtida Garri Kasparov va Magnus Karlsen erishgan.
Murabbiy Vidonyakning aytishicha, bunday darajaga chiqish uchun vaqt va matonatli mehnat, izlanish kerak bo‘ladi.
— Buning uchun kamida ikki yil jiddiy ishlashimiz lozim. Ular (Kasparov va Karlsen) bu yoshda allaqachon tayyor edi. Biz esa hali ham ustimizda ishlayapmiz.
U tayyorgarlik jarayoniga ham to‘xtaldi:
— Bir yil ichida to‘qqizta yig‘in o‘tkazdik. Ular asosan Germaniyaning Myunxen shahrida tashkil etildi. Shuningdek, biz odatda kompyutersiz, shaxmat taxtasi oldida ishlaymiz. Turli yo‘nalishlar bo‘yicha tizimli tarzda tuzib chiqilgan 40 mingga yaqin mashqlarni bajaramiz. Maqsad, shaxmatchida fikrlashni rivojlantirish, taktik jarayonlarni oldindan ko‘ra bilish qobiliyatini yanada mustahkamlash, — deya tushuntirdi Vidonyak.
T.Ro‘ziyev tayyorladi, O‘zA