RASMIY AXBOROT: meningokokk infeksiyasiga qarshi vaksina zaxiralari mavjud
Aholi orasida meningokokk infeksiyasi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan murojaatlar davom etayotgani sababli Sanepidqo‘mita matbuot xizmati quyidagilarni ma’lum qildi:
“Dunyo mamlakatlarida bo‘lgani kabi, respublikamizda ham meningokokk infeksiyasi asosan mavsumiy xususiyatga ega bo‘lib, kasallanish holatlari ko‘proq kuz va bahor oylarida, xususan fevral-mart oylarida qayd etiladi.
Sanepidqo‘mita tomonidan epidemiologik vaziyat ustidan doimiy nazorat o‘rnatilgan bo‘lib, barqarorlikni ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli profilaktik va sanitariya-epidemiologik chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu jumladan, bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan fuqarolar to‘liq emlash bilan qamrab olingan bo‘lib, ushbu shaxslar orasida kasallanish holatlari qayd etilmadi. Vaksinatsiyaga tibbiy qarshi ko‘rsatmasi mavjud bo‘lgan shaxslar esa shifokorlar nazorati ostida kimyoviy profilaktika tadbirlari bilan qamrab olinmoqda.
Shu o‘rinda, kasallikning asosiy belgilarini yana bir bor qayd etish maqsadga muvofiq:
– yuqori harorat (isitma);
– kuchli bosh og‘rig‘i;
— bo‘yin qotishi (bo‘yinni egish qiyin bo‘lishi);
– ko‘ngil aynishi yoki qusish;
– yorug‘likka sezgirlik;
– uyquchanlik, holsizlik;
– tutqanoq (ba’zan);
– tanada toshma paydo bo‘lishi (ayniqsa, bakterial turida).
Bolalar va chaqaloqlardagi belgilari:
– tinmay yig‘lash;
– ovqat yemaslik;
— juda uyquchanlik yoki qo‘zg‘aluvchanlik;
— tanada qattiqlik.
Fuqarolarimizda ushbu belgilarning birortasi yoki bir nechtasi kuzatilsa albatta, oilaviy shifokorlik punktlari, oilaviy poliklinika, yuqumli kasalliklar shifoxonalariga murojaat qilishlarini so‘raymiz”, deyiladi, xabarda.
Shuningdek, kasallikning oldini olish uchun gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilish;
– kasallik alomatlari kuzatilganda darhol shifokorga murojaat qilish;
– jamoat joylarida ehtiyot choralarini ko‘rish;
– “Haj" va "Umra" safarlariga chiqishdan oldin emlanish, safardan qaytgandan so‘ng ommaviy tadbirlarda ishtirokni vaqtincha cheklash;
– ixtiyoriy emlanishdan o‘tish;
– bemor bilan yaqin muloqotda bo‘lgan shaxslar shifokor nazoratida bo‘lishi hamda tibbiy ko‘rsatma asosida profilaktik choralar bilan qamrab olinishi zarurligi ta’kidlangan.
Qayd etilishicha, hozirgi kunda respublikamizning barcha hududlarida vaksinatsiya markazlari mavjud bo‘lib, ularda aholini meningokokk infeksiyasiga qarshi emlash uchun yetarli vaksina zaxiralari hamda sharoitlar yaratilgan.
Fuqarolardan ortiqcha xavotirga tushmasliklari, epidemiologik vaziyat barqaror ekanligini inobatga olgan holda, faqat ishonchli va rasmiy manbalar orqali ma’lumot olishlari so‘ralgan.
M.Qosimova tayyorladi, O‘zA