Davlat xizmatida HR boshqaruv tizimi qanday samara bermoqda?
HRM yoki oddiygina HR – Inson resurslarini boshqarish (Human Resources Management) tizimi. Bu tashkilotni boshqarish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ichki siyosat yoki ichki kompleks funksiya hisoblanib, inson faoliyatiga ta’sir qiluvchi barcha jarayonlar va dasturlar bu tizimning bir qismidir.
O‘zbekiston davlat xizmatida ham bu tizim keng joriy etilmoqda. Xo‘sh, tizim amalda qanday o‘zgarmoqda va qanday natijalar ko‘rsatmoqda?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi boshqarma boshlig‘i Kozimbek G‘afurov bilan shu haqda suhbatlashdik.
– O‘zbekistonda davlat fuqarolik xizmati tizimi tubdan yangilanib, raqamli HR ekotizimi shakllantirildi.
Bu tizim O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligining hrm.gov.uz platformasi atrofida birlashgan, o‘zaro integratsiyalashgan bir nechta raqamli yechimlar majmuasidan iborat.
Ushbu ekotizim vakansiyalar portali, onlayn test sinovlari, shaxsiy elektron kabinet, malaka oshirish platformasi, samaradorlikni baholash tizimi, kadrlar zaxirasi, sun’iy intellekt asosidagi baholash modullari, mobil ilova va talabalar amaliyoti tizimini qamrab oladi. Eng muhimi, bu platformalar o‘zaro integratsiyalashgan va mustahkam huquqiy baza asosida ishlaydi.
hrm.gov.uz tizimida 6,8 mingdan ortiq davlat tashkiloti va 86 mingdan ziyod davlat xizmatchisi haqidagi ma’lumotlar yagona elektron reyestrga jamlangan. Shu paytgacha 1 milliondan ortiq HR-hujjat raqamlashtirilgan bo‘lib, bu har bir xizmatchi hissasiga o‘rtacha 14 hujjat to‘g‘ri kelishini anglatadi.
TizimE-Huquqshunos, my.mehnat.uz, egov.uz, E-imzo kabi milliy platformalar bilan integratsiya qilingan. Natijada ma’lumotlarni qayta-qayta kiritishga ehtiyoj yo‘q, bu esa vaqt va resurslarni tejashga xizmat qilmoqda.
– Vacancy.gov.uz portali davlat xizmatiga kirishning yagona ochiq maydoniga aylandi. Portal imkoniyatlari qay darajada?
– Hozirda platformada 3,3 mingdan ortiq vakansiya e’lon qilingan. Shu orqali 98 mingdan ziyod fuqaro ishga qabul qilingan, jami arizalar soni esa 5,1 milliondan oshgan.
E’tiborli jihati, ishga qabul qilinganlarning qariyb 15,6 foizi davlat xizmatiga ilk bor kirganlardir. Bu esa tizim faqat kadrlarni qayta taqsimlash emas, balki yangi nomzodlar uchun real “ijtimoiy lift” vazifasini bajarayotganini ko‘rsatadi.
samaradorlik.gov.uz platformasi orqali 330 nafar rahbarning faoliyati 15 mingdan ortiq ko‘rsatkich asosida baholanmoqda. Shuningdek, 100 dan ortiq hokim o‘rinbosarlari va 1,2 mingga yaqin tuman rahbarlarining faoliyatiga yagona KPI tizimi asosida baho berish imkoniyati yaratilgan.
Malaka oshirish sohasida edu.bsa.uz platformasi 75 mingdan ziyod foydalanuvchini birlashtirdi. Onlayn o‘quv kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga 126 mingdan ortiq sertifikat berildi. Ushbu platformada minglab video-ma’ruzalar va yuzdan ortiq elektron kitoblar ochiq taqdim etilgan.
“MyDX: davlat xizmatchisi” mobil ilovasi davlat xizmatchilari uchun raqamli hamrohga aylandi. U orqali foydalanuvchilar o‘z ma’lumotlarini yangilashi, ishga ariza topshirishi, malakasini oshirishi va shaxsiy rivojlanish rejalarini tuzishi mumkin.
Hozirga qadar ilova 60 ming marta yuklab olingan, 25 mingga yaqin foydalanuvchi esa uni doimiy ishlatmoqda.
– Yaratilgan raqamli ekotizimning asosiy yutug‘i nima?
– Asosiy yutuq – shaffoflik va adolatni ta’minlashi. Vakanciya - ariza nisbati (o‘rtacha 52 ariza bir o‘ringa) va yangi kadrlar ulushi meritokratiya prinsiplari amalda ishlayotganini ko‘rsatadi.
Test jarayonlarida FaceID, proktoring va onlayn kuzatuv kabi texnologiyalarning joriy etilishi inson omilini keskin kamaytirib, korrupsiyaviy xavflarni pasaytirmoqda. Shu bilan birga, ayrim muammolar ham saqlanib qolmoqda. Masalan, mobil ilova foydalanuvchilarining faollik darajasi 42 foizni tashkil etmoqda. Bu esa, uning barcha imkoniyatlari hali to‘liq ishga solinmaganini anglatadi.
Ayrim tashkilotlarda HR - anketalar to‘liq shakllantirilmagani kadrlar tahliliga ta’sir qilmoqda. Shuningdek, lavozimlar va kompetensiyalar bo‘yicha yagona klassifikatorning to‘liq ishlab chiqilmagani tizimni yanada takomillashtirish zarurligini ko‘rsatadi.
Sun’iy intellekt asosidagi baholash tizimi texnik jihatdan tayyor bo‘lsada, uni amaliyotga keng joriy etish hozircha pilot bosqichida.
Umuman olganda, O‘zbekistonda shakllangan raqamli HR -ekotizim allaqachon amaliy natija bermoqda. Kadrlar tanlovi shaffoflashdi, ma’muriy jarayonlar soddalashdi va qaror qabul qilish jarayoni ma’lumotlarga asoslangan holga keldi. Bu esa, davlat xizmatini zamonaviy, shaffof va raqobatbardosh tizimga aylantirish yo‘lidagi muhim qadam.
O‘zA muxbiri
N.Abduraimova suhbatlashdi