Raqobat qo‘mitasi 6 ta sub’ektda 8 mlrd so‘mdan ortiq qonunbuzilishni aniqladi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan yuqori likvidli mahsulotlarni birja savdolariga chiqarish tartibiga rioya etilishi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida bir qator xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda qonunbuzilish holatlari aniqlandi.
Tahlillar davomida mahsulotlarni belgilangan tartibda birja orqali sotish o‘rniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida realizatsiya qilish, birjaga chiqarilishi lozim bo‘lgan mahsulotlarni belgilangan hajm va muddatlarda joylashtirmaslik kabi holatlar kuzatildi.
Aniqlangan holatlar yuzasidan Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahridagi korxonalarga nisbatan belgilangan tartibda ishlar qo‘zg‘atildi hamda tegishli ta’sir choralari qo‘llanildi. Qonunbuzilishlar umumiy hisobda 8 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni tashkil etgan.
Xususan, Qashqadaryo viloyatidagi “Koson yog‘ kombinat” MCHJ birja orqali sotilishi lozim bo‘lgan mahsulotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida realizatsiya qilib, asossiz daromad olgani aniqlandi. Namangan viloyatidagi “Pop sement” MCHJ esa sement mahsulotlarini birja orqali sotish bo‘yicha belgilangan talablarga amal qilmagan holda 2,4 milliard so‘mdan ortiq mahsulotni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali sotgan.
Samarqand viloyatidagi “Humo Agro Platinum” va “Zomin Ishonch” korxonalari tomonidan qayta ishlangan un mahsulotlarini belgilangan hajm va muddatlarda birja savdolariga chiqarmaganlik holatlari qayd etildi. Surxondaryo viloyatidagi “SURXONDARYODONMAHSULOTLARI” AJ esa ishlab chiqarilgan un mahsulotlarining bir qismini birjaga qo‘ymasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport shartnomalari asosida sotgani ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi bir nechta korxonalarda bug‘doy va un mahsulotlarini birja tartiblarini chetlab o‘tib sotish alomatlari aniqlangan bo‘lib, mazkur holatlar bo‘yicha ishlarni ko‘rib chiqish davom etmoqda.
Toshkent viloyatida esa “O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan birja savdolariga qo‘yilishi rejalashtirilgan ko‘mir mahsulotlari tasdiqlangan grafikka muvofiq joylashtirilmagani hamda bu holat natijasida 4,3 milliard so‘mdan ziyod mahsulot realizatsiya qilingani aniqlandi.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan barcha holatlar yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rilmoqda. Shuningdek kelgusida bunday qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berilgan.
N. Rahmonova, O‘zA