O‘zbekiston qurilish bozorining xorijiy investorlar uchun jozibadorligi ortib bormoqda
Mamlakatimizda qurilish sohasi iqtisodiyotning drayver tarmoqlaridan biri sifatida investitsiyalar jalb etish bo‘yicha yuqori sur’atlarni namoyon etmoqda. Yangi turar-joylar, sanoat ob’ektlari, ijtimoiy infratuzilma va muhandislik kommunikatsiyalarini barpo etishga qaratilayotgan sarmoyalar hajmining ortishi tarmoqning iqtisodiy ahamiyatini yanada kuchaytirmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–mart oylarida qurilish sohasida barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan asosiy kapitalga 16,8 trillion so‘mlik investitsiyalar o‘zlashtirildi. Bu ko‘rsatkich mamlakat bo‘yicha asosiy kapitalga yo‘naltirilgan jami investitsiyalarning 10,8 foiziga teng bo‘ldi.
E’tiborli jihati shundaki, o‘zlashtirilgan mablag‘larning 12,7 trillion so‘mi xorijiy investitsiyalar va kreditlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa O‘zbekiston qurilish bozorining xorijiy investorlar uchun jozibadorligi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi yillarda sohaga kiritilayotgan investitsiyalar hajmi barqaror o‘sish tendensiyasini namoyon etmoqda. Xususan, 2022-yilning birinchi choragida qurilish sohasiga 3,9 trillion so‘m investitsiya yo‘naltirilgan bo‘lsa, 2023-yilda bu ko‘rsatkich 4,5 trillion so‘mga yetgan. 2024-yilda esa investitsiyalar hajmi keskin oshib, 9,6 trillion so‘mni tashkil etgan.
2025-yilda ma’lum darajada pasayish kuzatilib, ko‘rsatkich 7,9 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa-da, 2026-yilning birinchi choragida investitsiyalar hajmi 16,8 trillion so‘mga chiqib, nafaqat o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan ikki barobardan ko‘proqqa, balki so‘nggi besh yildagi eng yuqori darajaga yetdi.
Mutaxassislarning fikricha, qurilish sohasidagi bunday o‘sish yangi investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi, shaharsozlik dasturlarining kengayishi, infratuzilma ob’ektlariga talabning ortishi hamda xususiy sektor faolligining kuchayishi bilan izohlanadi.
Qurilish sohasiga yo‘naltirilayotgan sarmoyalarning ko‘payishi nafaqat yangi ob’ektlar barpo etilishiga, balki minglab yangi ish o‘rinlari yaratilishi, qurilish materiallari sanoati rivojlanishi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida ham qo‘shimcha iqtisodiy faollik shakllanishiga xizmat qilmoqda.
Shu tariqa, 2026-yilning birinchi choragi yakunlari qurilish sohasi mamlakat iqtisodiyotida investitsiyalar jalb etish bo‘yicha eng faol yo‘nalishlardan biriga aylanayotganini yana bir bor tasdiqladi. Investitsiyalar hajmining yuqori sur’atlarda o‘sishi kelgusi davrda ham tarmoq rivojining muhim omili bo‘lib qolishi kutilmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA