Raqamli markirovkalash: aholiga sifatsiz yoki qalbaki mahsulotlar sotilishining oldi olinadi
Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, sog‘lom raqobat muhitini yaratish hamda asossiz tekshiruvlarning oldini olishga qaratilgan muayyan ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga, mahsulotlar noqonuniy ravishda ishlab chiqarilishi va muomalaga kiritilishining oldini olish uchun qonunchilikda belgilangan ayrim turdagi mahsulotlarni identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash va ushbu mahsulotlarning aylanmasini kuzatib borish tizimini yanada kuchaytirish zarurati yuzaga kelgan.

Senat yalpi majlisida muhokama qilingan “Raqamli markirovkalash tizimining samaradorligi oshirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun shu maqsadda ishlab chiqilgan.
Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Qobil Tursunov qonunning maqsadi ayrim turdagi mahsulotlarni raqamli markirovkalash yo‘li bilan ularning aylanmasini masofaviy nazorat qilish tizimini takomillashtirishga qaratilganini ta’kidladi.
Tovarlarni markirovkalash iste’molchilarni sifatsiz, soxta mahsulotlarni sotib olishdan himoyalashga mo‘ljallangan. Markirovkaning mavjudligi ishlab chiqaruvchini qonun normalari va sifat standartlariga qat’iy rioya etishga undaydi.

Qonun bilan Soliq kodeksiga tovarlar (mahsulotlar)ni majburiy markirovkalash bilan bog‘liq huquqbuzarlik to‘g‘risida ikki marta rasmiy ogohlantirish berilganidan keyin masofaviy soliq tekshiruvini o‘tkazishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Qonunda masofaviy soliq tekshiruvini o‘tkazish 5 kun muddat bo‘lganligi hamda dalolatnoma elektron hujjat ko‘rinishida rasmiylashtirilishi belgilanmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun xufiyona iqtisodiyotning mamlakat iqtisodiyotidagi ulushini qisqartirish, aholiga sifatsiz yoki qalbaki mahsulotlarni (spirtli ichimlik, tamaki mahsuloti, dori vositalari, salqin ichimlik va boshqalar) realizatsiya qilish holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA