Raqamli Buxoro – turizm taraqqiyotining yangi bosqichi
Buxoro viloyatida turizm sohasini yanada rivojlantirish, xizmatlar sifatini oshirish va raqamli texnologiyalarni keng joriy etishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda.
Ayniqsa, qadimiy shaharning boy tarixiy merosini zamonaviy raqamli yechimlar bilan uyg‘unlashtirish orqali turistlar uchun yanada qulay muhit yaratish, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda iqtisodiyotning shaffofligini ta’minlash bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biriga aylandi.
Shu maqsadda Buxoroda mehmonxona hamda umumiy ovqatlanish xizmati ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlari ishtirokida navbatdagi ochiq muloqot tashkil etildi. Uchrashuv turizm sohasida raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish, xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va turistlar oqimini yanada oshirish masalalariga bag‘ishlandi.

Tadbir davomida Buxoro shahrining tarixiy Eski shahar hududini raqamlashtirish orqali yaratilayotgan zamonaviy elektron platforma imkoniyatlari keng taqdim etildi. Qayd etilganidek, mazkur raqamli tizim sayyohlarga mehmonxona, restoran, milliy hunarmandchilik do‘konlari, madaniy ob’ektlar va boshqa xizmatlar haqida tezkor hamda ishonchli ma’lumot olish imkonini beradi. Bu esa tadbirkorlar uchun xizmatlar hajmini oshirish, mijozlar doirasini kengaytirish va bozordagi raqobatbardoshlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Muloqot chog‘ida raqamli platformaning yana bir muhim jihati — yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, xizmatlar hisobini to‘liq yuritish, soliq intizomini mustahkamlash va sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish ekani alohida ta’kidlandi. Bu orqali ham davlat, ham tadbirkor, ham iste’molchi manfaatlari birdek himoya qilinishi qayd etildi.
Tadbir ishtirokchilari yaratilayotgan platformani yanada takomillashtirish, uning funksional imkoniyatlarini kengaytirish va turistlar uchun yanada jozibador qilish yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini bildirishdi. Ayniqsa, interaktiv xaritalar, ko‘p tilli xizmatlar, onlayn bron qilish va elektron to‘lov imkoniyatlarini rivojlantirish bo‘yicha ilgari surilgan takliflar qizg‘in muhokama qilindi.

Buxoro viloyati soliq boshqarmasi hamda ishchi guruh mas’ullari tomonidan tadbirkorlarga soliq ma’murchiligidagi so‘nggi yangiliklar, raqamli xizmatlar, qonunchilikda belgilangan yengilliklar va imtiyozlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, faoliyatni qonuniy va shaffof yuritish, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish hamda zamonaviy raqamli yechimlardan keng foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar taqdim etildi.
Bugun raqamli texnologiyalar nafaqat xizmat ko‘rsatish sifatini yuksaltirmoqda, balki turizmning yangi imkoniyatlarini ochib, tadbirkorlikni rivojlantirishga ham kuchli turtki bermoqda.
Qadimiy va hamisha mehmondo‘st Buxoroning raqamli transformatsiyasi uning xalqaro turizm xaritasidagi nufuzini yanada mustahkamlab, minglab mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun yanada jozibador manzilga aylanishiga xizmat qilishi shubhasiz. Bu esa Yangi O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyot va turizm sohasini uyg‘un rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sifatida yuksak ahamiyat kasb etadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri