Kosonsoy tumanidagi Obod mahallada turistik maskan qurilmoqda
Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida turizm sohasini yanada rivojlantirish va hududning turistik jozibadorligini oshirish maqsadida Obod mahallasida zamonaviy turistik maskan barpo etilmoqda.
Mahalliy investorlar tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu loyiha doirasida hudud zamonaviy dam olish va ko‘ngilochar maskanga aylantirilishi rejalashtirilgan. Xususan, bu joyda shishali osma ko‘prik, “Zipline” attraksioni, rezinali sirpanchiq, kafe va dam olish hududlari, foto zonalar hamda ertaksimon daraxt uylari tashkil etilmoqda.

Loyihaning umumiy qiymati 21 milliard so‘mni tashkil etib, u “Air stars” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan amalga oshirilmoqda. Yangi turistik maskan tabiat qo‘ynida oilaviy va do‘stlar bilan mazmunli hordiq chiqarish uchun keng imkoniyatlar yaratish bilan birga, mahalliy hamda xorijiy sayyohlar oqimini oshirishga xizmat qiladi.

Qolaversa, tumanning turistik salohiyatini yanada yuksaltirish, yangi xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Olib borilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlarining borishi bilan tanishgan Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov turistik jozibadorlikni yanada oshirish, tashrif buyuruvchilar uchun qulay infratuzilma yaratish, xavfsizlik talablarini to‘liq ta’minlash hamda ekologik muvozanatni saqlash yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri