Raqamlashgan tibbiyotdagi Jizzax tajribasi
Jizzax viloyatida sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bugun o‘zining amaliy samarasini namoyon etmoqda. Ayniqsa, sohada raqamlashtirish jarayonlarining jadal kechayotgani, zamonaviy tibbiy xizmatlar ko‘lamining kengayishi va yangi infratuzilma ob’ektlarining barpo etilishi aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqyapti.
Ana shu yangilanishlar bilan ommaviy axborot vositalari vakillarini yaqindan tanishtirish maqsadida Jizzax viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan press-tur va matbuot anjumani tashkil etildi.
Tadbir ishtirokchilari dastlab Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Jizzax filialida bo‘lib, amaliyotga joriy etilgan “D-med” axborot tizimi imkoniyatlari bilan tanishdi. Elektron navbat, raqamli tibbiy karta, onlayn tahlil natijalari va elektron retsept tizimi shifokor hamda bemor o‘rtasidagi vaqt va masofani qisqartirib, tibbiy xizmatning shaffofligini ta’minlayotgani alohida e’tirof etildi.
Shundan so‘ng ishtirokchilar yangi tashkil etilayotgan Jizzax tibbiyot klasterida bo‘lib, bu yerdagi bunyodkorlik ishlari, yuqori texnologiyali jihozlash jarayonlari va aholi uchun yaratilayotgan sharoitlarni ko‘zdan kechirishdi. Keng va yorug‘ xonalar, raqamli boshqaruv tizimi, zamonaviy diagnostika uskunalari mazkur majmuaning kelgusida nafaqat Jizzax, balki qo‘shni hududlar aholisiga ham yuqori malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatini yaratadi.
Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, bugun viloyat aholisiga 195 ta tibbiyot muassasasi xizmat ko‘rsatmoqda. Ixtisoslashtirilgan markazlar, dispanserlar, tuman tibbiyot birlashmalari, oilaviy poliklinikalar va mahalla tibbiyot punktlari faoliyatining o‘zaro uyg‘unligi aholiga tibbiy xizmatni yanada yaqinlashtirishga xizmat qilmoqda.
Jizzax viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Ma’ruf Orziqulovning ta’kidlashicha, sohadagi islohotlarning asosiy maqsadi — inson qadrini ulug‘lash va tibbiy xizmat sifatini oshirishdir.
— Ilgari aholi ayrim yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlar uchun poytaxtga borishga majbur edi. Bugun esa viloyatning o‘zida zamonaviy diagnostika va murakkab jarrohlik amaliyotlari yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiligi va xarajatlarini kamaytirmoqda. Eng muhimi, raqamlashtirish tizimi tibbiy xizmatda shaffoflik va tezkorlikni ta’minlayapti, — dedi Ma’ruf Orziqulov.
Darhaqiqat, raqamlashtirish bugun Jizzax tibbiyotining eng muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Barcha tibbiyot muassasalari yagona axborot tizimiga ulangan bo‘lib, 1 million 266 ming nafardan ortiq fuqaro uchun elektron tibbiy karta shakllantirilgan. 500 mingdan ziyod aholi mobil ilova orqali o‘z salomatligi haqidagi ma’lumotlardan foydalanmoqda.
Prezidentimizning 2026-yil 20-yanvardagi “O‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarning oldini olish chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorida birlamchi tibbiy xizmat sifatini oshirish, profilaktika ishlarini kuchaytirish va raqamli tibbiyot tizimini keng joriy etish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Jizzax viloyatida elektron tibbiy karta, onlayn nazorat va raqamli kuzatuv tizimlarining joriy etilishi mazkur qaror ijrosining amaliy natijasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, 2025-yil davomida 32 ta statsionar muassasada 225 mingdan ziyod bemor davolangan. Ambulator-poliklinika muassasalari qoshidagi kunduzgi statsionarlarda esa 25 mingdan ortiq bemor sog‘lomlashtirilgan. Bu esa tibbiy xizmat qamrovi va samaradorligi izchil ortib borayotganidan dalolat beradi.
— Sohada xususiy sektor ulushi ham yil sayin ortib bormoqda. Joriy yilning o‘zida 5 ta yangi xususiy tibbiyot muassasasi tashkil etildi, 12 tasining faoliyati kengaytirildi. Natijada xususiy tibbiyot muassasalari soni 180 taga yetdi, — dedi Jizzax viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Maxmarasul Umarov. — Davlat-xususiy sheriklik raqobat muhitini kuchaytirib, yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlarning ommalashishiga xizmat qilmoqda.
Matbuot anjumanida aholi salomatligini muhofaza qilish borasidagi ishlarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, 40 yoshdan yuqori 419 ming nafar aholi manzilli skrining tekshiruvlaridan o‘tkazilib, minglab fuqarolarda qandli diabet, yurak-qon tomir va boshqa xavfli kasalliklar erta bosqichda aniqlangan. Bu esa kasalliklarning oldini olish va o‘z vaqtida davolash imkoniyatini kengaytirmoqda.
Onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida ham ijobiy natijalar qayd etildi. Homilador ayollarning qariyb barchasi ultratovush tekshiruvlaridan o‘tkazilib, tug‘ma nuqsonlarni erta aniqlash va oldini olish choralari kuchaytirilgan.
Prezidentimizning 2024-yil 5-sentabrda qabul qilingan “Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida tibbiy xizmatlarning kafolatlangan paketini shakllantirish, raqamli tizimlar orqali aholiga sifatli va shaffof xizmat ko‘rsatish vazifalari belgilab berilgan. Jizzax viloyatida elektron retsept, raqamli tibbiy karta va yagona axborot tizimining bosqichma-bosqich joriy etilayotgani mazkur hujjat ijrosining hayotiy ifodasiga aylanmoqda.
[gallery-29309]
Bugun Jizzaxda sog‘liqni saqlash tizimi shunchaki davolash tarmog‘i emas, balki inson qadrini ulug‘lash, aholi roziligini ta’minlash va sog‘lom jamiyatni shakllantirishga xizmat qilayotgan muhim ijtimoiy mexanizm sifatida namoyon bo‘lmoqda. Raqamlashgan tibbiyot, zamonaviy infratuzilma va malakali kadrlar uyg‘unligi esa bu sohadagi islohotlarning mustahkam poydevoriga aylanyapti.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA