Rahbarlar aholi murojaatlariga qanday munosabatda bo‘layotgani mahalliy kengashlarning e’tiborida bo‘ladi
Senatda xalq deputatlari mahalliy kengashlari deputatlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi hamda boshqa hamkor tashkilotlarning vakillari ishtirokida seminar o‘tkazildi.
Unda mahalliy vakillik organlari tomonidan aholi murojaatlarini ko‘rib chiqish hamda davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha hisobotlarini sessiyalarda eshitish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda aholi murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirish, inson qadrini ulug‘lash va fuqarolar muammolarini o‘z vaqtida hal etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani qayd etildi.
Ushbu vazifalar “O‘zbekiston - 2030” strategiyasi hamda davlat rahbarining aholi bilan muloqot tizimini yanada samarali tashkil etishga qaratilgan tashabbuslarida ham o‘z ifodasini topgan.

Prezidentning 2026-yil 1-apreldagi “Aholi bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq aholi murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining hisobotlarini muntazam eshitishning yangi tartibi joriy etildi.
Mazkur tartibga ko‘ra, hokimlar hamda hududiy davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining murojaatlar bilan ishlash hisobotlari mahalliy kengashlar sessiyalarida har chorakda kamida bir marta eshitib boriladi. Bu esa mahalliy kengashlarning deputatlik nazoratini amalga oshirish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Seminarda mahalliy kengashlar o‘z vakolatlarini amalga oshirishda hududlardagi Xalq qabulxonalarining axboroti va aholi murojaatlari tahlili asosida davlat organlari rahbarlari hisobotlarini tanqidiy va tahliliy ruhda ko‘rib chiqishi zarurligiga urg‘u berildi. Bunda hisobotlar faqat rasmiy statistika bilan cheklanmasligi kerak. Aksincha, ular murojaatlarni hal etish natijalari, ko‘rilgan ta’sir choralari, fuqarolarni qabul qilish amaliyoti, shuningdek, takroriy murojaatlarni kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar tahlilini ham qamrab olishi lozim.
Muhokama davomida mahalliy kengash qarorlarida aniq vazifalar belgilash va ularning ijrosi ustidan ta’sirchan deputatlik nazoratini ta’minlash aholi murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirishning muhim omili ekani alohida ta’kidlandi.

Murojaatlar bilan ishlash holati davlat organlari faoliyati samaradorligining muhim mezoni ekani, bu borada ijro intizomiga qat’iy rioya etish, murojaatlarni o‘z vaqtida va sifatli hal qilish, takroriy murojaatlarning oldini olishda mahalliy kengashlarning o‘rni va mas’uliyati yanada ortib borayotgani qayd etildi.
Seminarda Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish va ijro intizomini ta’minlash bo‘yicha qo‘llanma mazmuniga ham to‘xtalib o‘tildi. Unda sohadagi qonunchilik talablari va amaliy mexanizmlar yoritilganiga e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida aholi murojaatlari bilan ishlash borasida mahalliy kengashlarning nazorat faoliyati samaradorligini oshirishga doir taklif va tavsiyalar bildirildi.
N.Abduraimova,
O‘zA