Ombudsman ish haqi va mehnat munosabatlariga oid 2,3 milliard so‘mdan ziyod to‘lovlar undirilishiga ko‘maklashgan
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) fuqarolarning murojaatlari asosida ularning haq-huquqlarini himoya qilishga e’tibor qaratmoqda.
Ombudsmanga Olmazor tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablaridan birida farrosh bo‘lib ishlab kelgan N.N. murojaat qilgan.
Murojaatda u mehnat vazifasini bajarish chog‘ida sog‘lig‘iga zarar yetgani, biroq yetkazilgan zarar va davolanish xarajatlari unga qonunchilikda belgilangan tartibda kompensatsiya qilib berilmaganidan norozi ekanini bildirgan.
Murojaat Ombudsman tomonidan nazoratga olingan holda o‘rganilib, fuqaro N.N. manfaatida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudiga Ombudsmanning da’vo arizasi kiritildi.

Natijada sud qarori bilan fuqaro N.N. foydasiga mehnat vazifasini bajarish paytida sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar uchun bir yo‘la to‘lanadigan nafaqa va ma’naviy zarar sifatida 22 million so‘mdan ortiq kompensatsiya undirilishi belgilandi.
Ma’lumot uchun, Ombudsman ko‘magida 2025-yil yakunlariga ko‘ra, fuqarolarning ish haqi va mehnat munosabatlariga oid 2 milliard 306 million so‘mdan ortiq to‘lovlar undirilgan.
N.Abduraimova,
O‘zA