Qutqaruvchilarga yangi bino va maxsus avtomobil topshirildi
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Sirdaryo tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi tasarrufidagi 11-qutqaruv qismi uchun barpo etilgan yangi bino foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan qutqaruvchilarga zamonaviy maxsus yong‘in o‘chirish avtomobili ham taqdim etildi.
Tantanali tadbirda Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshqarma boshlig‘i Iskandar Mahmudov, Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Xurshid Sadirov, tuman hokimi Azizbek Turdimurodov, soha faxriylari hamda shaxsiy tarkib vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda aholi xavfsizligini ta’minlash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish tizimini takomillashtirishga qaratilayotgan e’tibor xususida to‘xtaldilar. Ayniqsa, qutqaruvchilar uchun zamonaviy xizmat sharoitlarini yaratish, ularni zarur texnika va jihozlar bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar sohaning samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
— Bu yil yurtimiz hayotidagi ikki muhim sana — O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi tashkil etilganining 30 yilligini katta quvonch bilan qarshi olmoqdamiz. O‘tgan davr mobaynida tizimda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, aholi hayoti va xavfsizligini ta’minlash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularga tezkor javob qaytarish imkoniyatlari yanada kengaydi.
[gallery-31178]
Mustaqillik bayrami arafasida Sirdaryo tumanida 11-qutqaruv qismi uchun yangi binodan foydalanish boshlangani ham ana shu e’tiborning amaliy ifodasidir. Bu yerda xodimlar uchun munosib xizmat sharoiti yaratilgan. Yangi maskan qutqaruvchilarning o‘z vazifalarini samarali bajarishiga munosib xizmat qiladi, — dedi Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Xurshid Sadirov.
Yangi inshoot tuman hokimligi va homiylar ko‘magida hashar usulida qurib bitkazildi. Binoning foydalanishga topshirilishi qutqaruvchilarning kundalik xizmat faoliyati uchun qulay shart-sharoit yaratish bilan birga, ularning favqulodda vaziyatlarga doimiy shayligini ta’minlashga ham xizmat qiladi.
Tantana davomida maxsus yong‘in o‘chirish avtomobilining topshirilishi ham qutqaruvchilar uchun katta quvonch bo‘ldi. Zamonaviy texnika favqulodda holatlarga tezkor yetib borish, yong‘inlarni barvaqt bartaraf etish va aholiga zarur yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini yanada oshiradi.
Shu kuni Xovos tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi tasarrufidagi 13-qutqaruv qismida ham bunyodkorlik va yangilanishlarga boy tadbir bo‘lib o‘tdi. Mazkur qutqaruv qismi binosi zamonaviy talablar asosida ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi.
Tadbirda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, qutqaruvchilar uchun yaratilayotgan munosib xizmat sharoitlari va aholi xavfsizligini ta’minlash borasidagi ustuvor vazifalar xususida so‘z yuritildi.
Yangilangan binolar va zamonaviy maxsus texnika qutqaruvchilarning xizmat vazifalarini yanada samarali bajarishi, favqulodda vaziyatlarga shayligini oshirishi hamda aholiga tezkor yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirishga zamin yaratadi. Ayni paytda, Mustaqillikning 35 yilligi arafasida ular uchun yaratilgan bunday munosib sharoitlar soha xodimlarining sharafli va mas’uliyatli mehnatiga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tiborning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA