Har bir inson e’tiborda
Kambag‘allikni qisqartirish — faqat statistik ko‘rsatkichlarni yaxshilash emas. Bu, avvalo, insonga o‘z mehnati orqali munosib daromad topishi uchun imkoniyat yaratish, oilada ertangi kunga ishonch uyg‘otish, har bir xonadonning mavjud salohiyatini ishga solish demakdir.
Bugun yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholi farovonligini oshirish va kambag‘allikni qisqartirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mahallabay ishlash, har bir oila bilan individual ish olib borish, aholiga daromad keltiradigan faoliyat turlarini yo‘lga qo‘yish borasida yangi yondashuvlar joriy etilmoqda.
Bu jarayonning asosiy mezoni esa oddiy: har bir inson o‘z mehnati bilan oilasi farovonligini ta’minlay olishi kerak.
Ana shu maqsadlar Buxoro tumanidagi “Qavola Mahmud” mahallasida ham izchil amalga oshirilmoqda.
Viloyat hokimi Botir Zaripov “Qavola Mahmud” mahallasi fuqarolar yig‘ini binosida tuman hokimligi va mahalla mas’ullari bilan uchrashib, hududda kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash, ishsizlikni kamaytirish hamda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalarini muhokama qildi.

Bugun mahallada 6 ming 626 nafar aholi istiqomat qiladi. Hududda 1 ming 615 ta oila va 1 ming 195 ta xonadon mavjud. Shuningdek, 57 nafar nogironligi bo‘lgan fuqaro, 105 nafar migratsiyada bo‘lgan va 27 nafar ishsiz fuqaro bor. Bir qarashda bular oddiy raqamlardek tuyulishi mumkin. Ammo har bir raqam ortida bir inson, bir oila, bir taqdir bor. Shu bois uchrashuvda asosiy e’tibor mavjud ishsizlikni kamaytirish, fuqarolarni doimiy daromad manbai bilan ta’minlash va har bir oilaning ichki imkoniyatlarini ishga solishga qaratildi.
Viloyat rahbari mas’ullarga raqamlar ortidagi insonni ko‘rish, har bir ishsiz fuqaro bilan individual ishlash zarurligini ta’kidladi.
Mahallada aholi bandligini ta’minlashda xotin-qizlarni kasb-hunarga jalb etish, ularning qiziqishi va qobiliyatidan kelib chiqib, munosib mehnat faoliyati bilan ta’minlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Zero, oilada ayolning iqtisodiy faolligi oshsa, bu nafaqat uning shaxsiy daromadi, balki butun xonadonning ijtimoiy barqarorligiga ta’sir ko‘rsatadi. Shu ma’noda, xonadonbay ish o‘rinlari yaratish, kasbga o‘qitish, kichik ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish faoliyatini yo‘lga qo‘yish kabi yo‘nalishlar mahallada kambag‘allikni qisqartirishning muhim vositalari sifatida belgilandi. “Qavola Mahmud” mahallasida chorvachilik va dehqonchilik aholi bandligi hamda daromadlarini oshirishning muhim manbalaridan hisoblanadi.

Shu sababli uchrashuvda mavjud tomorqa va xonadon imkoniyatlaridan yanada samarali foydalanishga alohida urg‘u berildi. Xususan, xonadonlarda parrandachilik va qoramolchilikni rivojlantirish, issiqxonalar tashkil etish, aholini bozor talabidan kelib chiqib mahsulot yetishtirishga yo‘naltirish masalalari muhokama qilindi.
Bu yondashuvning ahamiyati shundaki, xonadondagi bir qarich yer ham, bo‘sh turgan imorat ham, mavjud issiqxona ham oila uchun daromad manbaiga aylanishi mumkin. Muhimi, maqsad odamlarga faqat yordam berish emas, balki ularga doimiy daromad topish imkoniyatini yaratishdir. Viloyat rahbari mahallada yashovchi Manzura Muhammedova xonadoniga tashrif buyurib, uning oilaviy va ijtimoiy holati bilan yaqindan tanishdi.
Manzura Muhammedova ikki nafar voyaga yetmagan farzandini yolg‘iz tarbiyalamoqda. Oila ijtimoiy reyestrga kiritilgan bo‘lib, doimiy daromad manbaini shakllantirish va yashash sharoitini yaxshilashga ehtiyoj mavjud. Bu xonadondagi holat bilan tanishish jarayonida bir jihat alohida e’tiborni tortdi. Xonadonda mavjud, ammo ayni paytda ishlamayotgan issiqxona bor. Aslida, bu — muammo bilan birga yechim ham shu yerda ekanini anglatadi. Ya’ni yangi imkoniyat izlashdan avval mavjud imkoniyatni ishga solish mumkin.
Viloyat rahbari issiqxonani qisqa muddatda qayta ishga tushirish, undan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish va shu orqali oila uchun barqaror daromad manbaini yaratish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berdi.

Shuningdek, Manzura Muhammedova va uning voyaga yetmagan farzandlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oilaning ehtiyojlarini muntazam o‘rganish va mavjud muammolarni bosqichma-bosqich hal etish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Kambag‘allikni qisqartirishda eng to‘g‘ri yo‘l — insonni faqat moddiy yordam oluvchi emas, balki o‘z hayotini o‘zgartira oladigan faol sub’ekt sifatida ko‘rishdir. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan “Inson qadri uchun” tamoyili, mahallani islohotlarning asosiy bo‘g‘iniga aylantirish, aholining daromadini oshirish va har bir oilani qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslarning mohiyati ham shunda. Bunda davlat va mahalla insonga yo‘l ochib beradi, sharoit yaratadi, ko‘maklashadi. Inson esa o‘z mehnati, intilishi va tashabbusi bilan bu imkoniyatdan foydalanadi. Qavola Mahmud mahallasidagi ishlar ham ana shu yondashuvning amaliy ifodasidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri