Qurilishda raqamlashtirish – doimiy e’tiborda
Axborot kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanayotgan XXI asrda hech bir sohani zamonaviy texnika vositalarisiz tasavvur etish qiyin. Ayniqsa, bu mamlakat iqtisodiyotida muhim o‘rin tutadigan qurilish tarmog‘ida ham tobora ravnaq topmoqda.
Namangan viloyati hududiy qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi tomonidan soha vakillari, ichki nazorat mutaxassislari hamda qurilish jarayoni ishtirokchilari uchun tashkillangan o‘quv-seminar elektron ijro hujjatlarini yuritishga bag‘ishlandi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 4-iyundagi “Qurilish sohasida natijaga asoslangan boshqaruvni joriy etish hamda sohada davlat xizmatlarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan talablar, shuningdek, qurilish ob’ektlarida ijro hujjatlarini elektron shaklda yuritish tartibi haqida batafsil ma’lumot berildi.

Namangan shahri, Yangi Namangan va Davlatobod tumanlarida faoliyat yuritayotgan qurilish mutasaddilari ishtirok etgan mazkur tadbir davomida nazorat.mc.uz elektron platformasining imkoniyatlari ham namoyish etildi.

Jumladan, kirish nazorati, beton ishlari, umumiy ish yuritish jurnallari va yopiq ishlar dalolatnomalarini elektron shaklda rasmiylashtirish tartibi amaliy misollar asosida ko‘rsatib berildi.

Darhaqiqat, elektron tizimdan foydalanish hujjatlarni yuritish jarayonini sezilarli darajada soddalashtiradi. Shuning asnosida, qurilish ishlarining shaffofligi va ob’ektlar ustidan nazorat samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA