“CAITME 2026”: innovatsiya va avtomatlashtirish to‘qimachilik sanoatini rivojlantirmoqda
Jahon to‘qimachilik sanoatida zamonaviy texnologiyalarga bo‘lgan talab yildan yilga ortib bormoqda. Bu, avvalo, ishlab chiqarish samaradorligi va mahsulot sifatini oshirish, resurslardan tejamkor foydalanish hamda tashqi bozorlarda raqobatbardoshlikni ta’minlash zarurati bilan bog‘liq.
Shu sababli, korxonalar ishlab chiqarish jarayonlariga ilg‘or texnologiyalarni joriy etishga tobora ko‘proq e’tibor qaratyapti. Ayniqsa, jarayonlarni avtomatlashtirish, resurs tejamkor va ekologik yechimlardan foydalanish bugungi kunda sohaning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.
Bu tendensiya O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatida ham kuzatilyapti. Sohada ishlab chiqarishni texnologik jihatdan yangilash, zamonaviy uskunalarni joriy etish va xalqaro tajribani o‘rganishga alohida ahamiyat berilmoqda. Bunday imkoniyatlarni yaratishda xalqaro texnologiya ishlab chiqaruvchilari, mahalliy korxonalar va mutaxassislarni bir maydonda jamlaydigan “To‘qimachilik uskunalari va texnologiyalari CAITME 2026” 17-Markaziy Osiyo xalqaro ko‘rgazmasi muhim ahamiyat kasb etadi.
“CAITME” loyiha direktori Gullola Nodirxonovaning ta’kidlashicha, ko‘rgazma ko‘p yillardan buyon mintaqaning to‘qimachilik va tikuvchilik sanoatini innovatsion va ilg‘or rivojlantirishning eng muhim vositalaridan biri bo‘lib kelmoqda. U mahalliy ishlab chiqaruvchilarga ilg‘or texnologiyalar yetkazib beruvchilar bilan doimiy aloqada bo‘lish, yangiliklar va yangi mahsulotlardan xabardor bo‘lish, mashina va uskunalardan foydalanish bo‘yicha texnik maslahatlar olish, shuningdek, maxsus aksiyalar va takliflarni “birinchi qo‘ldan” olish imkonini beradi.
– Kecha, ya’ni 8-sentabr kuni Toshkent shahrida o‘z ishini boshlagan ushbu nufuzli ko‘rgazmada 18 mamlakatdan 262 ta kompaniya va brend ishtirok etmoqda. Xorijiy ishtirokchilar ulushining 83 foizni tashkil etishi O‘zbekiston va Markaziy Osiyo bozoriga nisbatan xalqaro texnologiya ishlab chiqaruvchilarining qiziqishi yuqori ekanini ko‘rsatadi. Unda namoyish etilayotgan texnologiyalar orasida avtomatlashtirish, resurs tejamkorlik va ekologik yechimlar alohida o‘rin tutadi. Mehnat unumdorligini oshirish, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish va mahsulot sifatini barqarorlashtirish ehtiyoji avtomatlashtirilgan liniyalarga talabni kuchaytirmoqda.
Shu bilan birga, to‘qimachilik sanoatida ekologik va resurs tejamkor texnologiyalarga o‘tish ham tezlashmoqda. Bo‘yash va pardozlashda suv, energiya va kimyoviy moddalar sarfini kamaytirish, oqova suvlarni qayta ishlash hamda yashil energiyadan foydalanish eksport bozorida raqobatbardoshlikning muhim shartiga aylanmoqda, – dedi G. Nodirxonova.
Bu jarayon to‘qimachilik chiqindilarini qayta ishlash texnologiyalariga bo‘lgan qiziqishning ortishida ham namoyon bo‘lmoqda. Xitoy kompaniyalari ham ushbu yo‘nalishda o‘z texnologiyalarini faol ilgari surmoqda. Xitoyning “Sail Nonwoven Machinery Co., Ltd.” kompaniyasi to‘qilmagan materiallar ishlab chiqarish uchun zamonaviy uskunalar va texnologik liniyalarni taklif etmoqda. Kompaniya igna sanchish, termik va kimyoviy biriktirish uskunalari, tolani ochish, tarash va o‘rash liniyalarini ishlab chiqaradi. Ushbu texnologiyalar geotekstil, namat, filtr materiallari, avtomobil sanoati uchun materiallar va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishda qo‘llaniladi.
Kompaniya loyiha menejeri Peter Xuning aytishicha, “Sail Nonwoven Machinery” O‘zbekistondagi “CAITME” ko‘rgazmasida birinchi marta ishtirok etmoqda. Shu bilan birga, uning mamlakatda, jumladan, Toshkent va Samarqandda allaqachon mijozlari bor.
–Kompaniyamiz to‘qilmagan materiallar ishlab chiqarish uchun uskunalar tayyorlaydi. Biz igna sanchish va termik biriktirish liniyalarini ishlab chiqarish va yetkazib beramiz. Ushbu liniyalar yordamida geotekstil, namat, filtr materiallari va sintepon kabi mahsulotlar ishlab chiqariladi.
Bu texnologiyalarning yana bir muhim imkoniyati to‘qimachilik chiqindilarini qayta ishlashdir. Masalan, eski kiyimlardan yoki kiyim ishlab chiqaradigan fabrikalarda hosil bo‘ladigan to‘qimachilik chiqindilaridan foydalanib, yangi material ishlab chiqarish mumkin. Kiyim ishlab chiqaradigan fabrikalarda bunday chiqindilar juda ko‘p bo‘ladi. Ularni qayta ishlab, yangi material olish imkoniyati mavjud, – dedi Peter Xu.
Aytish kerakki, mazkur texnologiyalar to‘qimachilik sanoatida xomashyodan foydalanishga bo‘lgan yondashuvni ham o‘zgartirmoqda. Ilgari ishlab chiqarish jarayonidagi qoldiq sifatida qaralgan mato va kiyim chiqindilari endi qayta ishlanib, yangi mahsulot uchun xomashyoga aylantirilmoqda. Bu esa korxonalarga chiqindilar hajmini kamaytirish bilan birga, mavjud resurslardan samarali foydalanish va qo‘shimcha qiymat yaratish imkonini beradi.
Shuningdek, ko‘rgazmada ishlab chiqarish jarayonlarini soddalashtirish va mahsulot turini kengaytirishga xizmat qiladigan ko‘p funksiyali uskunalar ham namoyish etilmoqda. Jumladan, O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi “Ricoma Asia” kompaniyasi kashtachilikdan tashqari munchoq, marvarid va kristallar bilan ishlash imkonini beruvchi texnologiyalarni taqdim etmoqda. Bunday universal yechimlar, ayniqsa, kichik va o‘rta biznes uchun yangi mahsulot turlarini o‘zlashtirish hamda bozor talabiga moslashishda qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Muxtasar aytganda, mazkur ko‘rgazmada namoyish etilayotgan yechimlar to‘qimachilik sanoatida avtomatlashtirish, resurs tejamkorlik, qayta ishlash va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish ustuvor yo‘nalishlarga aylanayotganini ko‘rsatmoqda. Shu ma’noda, “CAITME” O‘zbekiston va Markaziy Osiyo to‘qimachilik sanoatida texnologik yangilanish va yangi imkoniyatlarni izlash jarayonida muhim o‘rin tutadi.
Nasiba Ziyodullayeva,
Oybek Pardayev (surat), O‘zA