Qurilish korxonalari yarim yilda byudjetga 5,2 trillion so‘mdan ortiq soliq to‘ladi
Qurilish – iqtisodiyotda nafaqat yangi binolar, yo‘llar va infratuzilma ob’ektlarini barpo etadigan, balki davlat byudjeti daromadlarini shakllantirishda ham muhim o‘rin tutadigan tarmoqlardan biri. 2026-yil yanvar-iyun oylarida sohada faoliyat yuritayotgan 33 425 ta yuridik shaxs tomonidan 5,2 trillion so‘mdan ortiq soliq to‘langani ham buni tasdiqlaydi.
Biroq raqamlarga chuqurroq nazar tashlansa, yana bir jihat e’tiborni tortadi: jami soliq tushumlarining 21 foizi, ya’ni 1 trillion so‘mdan ortig‘i atigi 20 ta korxona hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu esa qurilish tarmog‘ida yirik soliq to‘lovchilarning byudjet tushumlaridagi salmog‘i yuqori ekanini ko‘rsatadi.
Statistika qo‘mitasining ma’lum qilishicha, 2026-yil yanvar-iyun oylarida qurilish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 33 425 ta yuridik shaxs tomonidan davlat byudjetiga jami 5,2 trillion so‘mdan ortiq soliq to‘langan.
E’tiborlisi, mazkur tushumlarning 1 trillion so‘mdan ortig‘i, ya’ni 21 foizi, atigi 20 ta korxona hisobiga to‘g‘ri kelgan. Ushbu korxonalarning jami tovar aylanmasi 14,1 trillion so‘mdan ziyodni tashkil etgan.
Shu bilan birga, mazkur 20 ta yirik soliq to‘lovchi tomonidan 133,3 milliard so‘mlik soliq imtiyozlaridan foydalanilgan. Ushbu 20 ta korxona tomonidan to‘langan soliqlar turlari kesimida quyidagi ko‘rsatkichlar qayd etilgan. Qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) 434,1 mlrd. so‘m, foyda solig‘i 274 mlrd. so‘m, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (JSHODS) 191,4 mlrd. so‘m, ijtimoiy soliq 174,7 mlrd. so‘m, boshqa soliqlar 20,2 mlrd. so‘mni tashkil etadi.
Keltirilgan raqamlar qurilish tarmog‘idagi yirik korxonalarning davlat byudjeti daromadlarini shakllantirishdagi o‘rni salmoqli ekanini ko‘rsatadi. Ayni paytda soliq ma’muriyatchiligining raqamlashtirilishi orqali korxonalarning soliq majburiyatlarini bajarishi, byudjet tushumlarining shaffofligi hamda soliq imtiyozlaridan foydalanish jarayonlarini nazorat qilish imkoniyatlari kengayib bormoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA