408 korxonaning muammosi sanoat shtablari ko‘magida hal etildi
Davlatimiz rahbarining bu yilgi tadbirkorlar bilan ochiq muloqotiga Samarqandda ham qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Savdo-sanoat palatasi viloyat boshqarmasida maxsus shtab faoliyati yo‘lga qo‘yilib, tadbirkorlik sub’ektlarining murojaatlarini qabul qilmoqda.
Viloyat hokimi va o‘rinbosarlari, boshqarma va idoralar rahbarlari ham biznes vakillari uchun sayyor qabullar, ochiq muloqotlar o‘tkazib, ularning muammolarini tinglamoqda va imkon qadar, Prezident bilan muloqotga qadar masalalarga yechim topilmoqda. Bunday yondashuv tadbirkorlarning muammolarini tezkor hal etish barobarida viloyat iqtisodiyoti rivojiga katta turtki bermoqda.
Bugungi kunda viloyatdagi ishlab chiqarish korxonalarining barqaror ishlashini ta’minlash, faoliyat davomida ular duch kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni ko‘rib chiqish va hal qilish uchun tuman hamda shaharlarda sanoat shtablari tashkil etilgan.
Viloyat hokimligining ma’lumotlariga ko‘ra, sanoat shtablarining hokimliklar va tegishli idoralar bilan tizimli ishlashi natijasida yil boshidan buyon 408 ta sanoat korxonasining muammolari ijobiy hal etilib, ushbu korxonalar tomonidan qo‘shimcha 500 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi.
Masalan, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Mobitex Textile Factories” mas’uliyati cheklangan jamiyatining moliyaviy ahvoli og‘irlashib, faoliyati to‘xtab qolgach, korxonaga yangi tadbirkorlar jalb etildi va ijara asosida ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Natijada, 100 nafar ishchining bandligi ta’minlandi.
Bundan tashqari, faoliyat ko‘rsatmayotgan 2594 ta korxonaning 300 tasini sog‘lomlashtirish hisobiga qo‘shimcha 20 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishga erishiladi va bu borada aniq chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Kam quvvatda ishlayotgan 16 sanoat korxonasining muammolari hal etilib, qo‘shimcha 700 milliard so‘mlik ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Misol uchun, “Grand Fayz Baraka” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun bankdan 700 ming dollar miqdorida kredit ajratib berildi. Jomboydagi “Amin Invest International” korxonasiga ham shu maqsadda 500 ming dollar kredit ajratilgach, ishlab chiqarish hajmi oshirildi.
Joriy yilning birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra, Samarqand viloyati yalpi hududiy mahsulotida sanoat sohasining ulushi 23,9 foizni tashkil etdi va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb uch foiz o‘sishga erishildi. Qurilish materiallari ishlab chiqarish, metallurgiya, elektrotexnika va mashinasozlik tarmoqlari viloyat sanoatining yangi o‘sish nuqtalariga aylanmoqda. Xususan, metallurgiya sohasida amalga oshirilgan loyihalar natijasida mazkur tarmoqning iqtisodiyotdagi ulushi so‘nggi yillarda 2,5 foizdan 16,5 foizgacha oshdi. Birgina “Aziya metall prof” korxonasida yilning dastlabki olti oyi mobaynida qariyb 4 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi va o‘tgan yilga nisbatan ikki barobar o‘sish qayd etildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri