Qurilish bo‘yicha hududiy mas’ullar lavozimidan ozod etildi
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida vazir Sh.Hidoyatov raisligida kengaytirilgan tanqidiy videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda sohadagi dolzarb muammolar atroflicha muhokama qilinib, ayniqsa korrupsiyaga qarshi kurashish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, davlat xizmatlari sifatini oshirish hamda arxitektura-nazorat tizimidagi kamchiliklar tanqidiy tahlil etildi.

Hududiy boshqarmalar faoliyatida yo‘l qo‘yilayotgan qator qo‘pol xato va tizimli kamchiliklar sohadagi samaradorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Xususan, ayrim hududlarda nazoratning sustligi, me’yoriy talablarning ochiqchasiga buzilishi hamda ijro intizomining yetarli darajada emasligi keskin tanqid qilindi. Shuningdek, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda asossiz rad etish holatlari, belgilangan muddatlarga amal qilmaslik va loyihalarni kelishish jarayonidagi kamchiliklar tizimli muammo sifatida qayd etildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilishicha, ayrim hududlarda bu yo‘nalishdagi ishlar talab darajasida tashkil etilmagan, nazorat mexanizmlari yetarlicha samara bermayapti. Mas’ul xodimlar tomonidan beparvolikka yo‘l qo‘yilayotgani jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Shuningdek, manfaatlar to‘qnashuviga oid holatlarni bartaraf etishda tizimli yondashuv yetishmayotgani ham keskin baholandi.
Davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlari ham tanqidiy ko‘rib chiqildi. Arizalarni ko‘rib chiqishda asossiz rad etish holatlari, muddatlarning buzilishi hamda bir xil loyihalarga turlicha yondashuvlar mavjudligi sohada ochiqlik va ishonch muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ta’kidlandi.

Davlat arxitektura nazorati departamenti faoliyati ham keskin tanqid ostiga olindi. Ayrim hududlarda noqonuniy qurilishlarni aniqlash va bartaraf etish ishlari sust tashkil etilgani, mavjud imkoniyatlarga qaramasdan, nazorat amalda yetarli darajada olib borilmayotgani qayd etildi. Natijada noqonuniy qurilishlar o‘z vaqtida aniqlanmayotgani va ularni bartaraf etish ko‘rsatkichlari pastligicha qolayotgani aytildi.
Shuningdek, ayrim hududlarda umuman noqonuniy qurilish holatlari aniqlanmagani nazorat tizimi samaradorligiga jiddiy shubha uyg‘otishi ta’kidlandi. Bu esa mas’ul rahbar va mutaxassislar faoliyatini tanqidiy qayta ko‘rib chiqish zarurligini ko‘rsatdi.

Yig‘ilish yakunida sohada sovuqqonlik va mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan rahbar hamda mutaxassislarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rildi. Jumladan, Toshkent shahri, Navoiy, Andijon, Buxoro, Jizzax va Farg‘ona hududlari rahbarlari hamda mas’ullariga intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.
Shu bilan birga, vazirlikning Namangan, Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlari bosh boshqarmalari rahbarlari hamda qator hududiy mas’ullar lavozimidan ozod etildi.

Yig‘ilishda sohada tartib-intizomni tubdan mustahkamlash, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, davlat xizmatlari sifatini oshirish hamda arxitektura va qurilish nazoratini keskin kuchaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA