Yashil kelajak sari: Chiqindilarni samarali boshqarish tizimidagi islohotlar
Bugungi kunda dunyo miqyosida ekologik muammolar tobora keskinlashib bormoqda. Ayniqsa, aholi sonining o‘sishi, shaharlashuv jarayonlarining tezlashishi va iste’mol madaniyatining o‘zgarishi oqibatida chiqindilar hajmi keskin ortib bormoqda. Bu esa atrof-muhit holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, inson salomatligi va tabiiy muvozanat uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda.
Shu nuqtai nazardan, chiqindilarni to‘g‘ri va samarali boshqarish masalasi har bir davlatning ekologik siyosatida muhim o‘rin egallaydi. Chiqindilarni to‘g‘ri yig‘ish, saralash, qayta ishlash va zararsizlantirish nafaqat tabiatni muhofaza qilish, balki iqtisodiy resurslarni tejash va yangi qiymat yaratish imkonini ham beradi.
Chiqindilarni boshqarish tizimining samarali yo‘lga qo‘yilishi orqali poligonlarga tushadigan yuklama kamayadi, qayta ishlash sanoati rivojlanadi hamda “yashil iqtisodiyot” tamoyillari mustahkamlanadi. Shu bilan birga, aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni oshirish ham bu jarayonning ajralmas qismi hisoblanadi.
Xo‘sh, bu borada hududlarda qanday ishlar qilinmoqda?
Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda sanitar tozalash xizmatlari qamrovi kengayib, moliyaviy ko‘rsatkichlar yaxshilangan. Infratuzilmani mustahkamlash maqsadida maxsus texnikalar va konteynerlar xarid qilinib, hududlarga yetkazib berilgan.
Mahallalar kesimida sanitar tozalash xizmati qamrov darajasi 88 foizga yetkazilgan. Sohadagi islohotlar natijasida debitor qarzdorlik 9 foizga qisqargan. 2023-yilga nisbatan to‘lovlar 3 barobarga oshgan. Yillik tushum 1,5 trillion so‘mga yetgan. Natijada infratuzilma yaxshilanishiga erishildi.
Bugunga qadar 132 ta chiqindi poligoni atrofi ko‘kalamzorlashtirildi. 391 ming dona ko‘chat ekilib, “yashil belbog‘”lar tashkil etildi. 61 ta poligonda 34,1 km ichki yo‘llar ta’mirlandi, 47 ta poligon faoliyati to‘xtatildi. 13 ta hududda 208,2 gektar ekosanoat zonasi hududlari belgilandi. 7 ta hududda viloyat hokimlarining qarorlari bilan 102,4 gektar Agentlik tasarrufiga o‘tkazib berildi.
Joriy yilda 300 ta maxsus texnika, 80 ta motoroller, 600 ta konteyner sanitar tozalash korxonalariga lizing shartlari asosida yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu texnikalar bilan qo‘shimcha 125 ta mahallaga qamrov ta’minlanib, natijada qamrov darajasi mahalla kesimida 90 foizga yetkaziladi. 18 ta poligon rekultivatsiya qilinadi. 2026-yilda poligonlar 65 taga, ya’ni 32,6 foizga hamda 2030-yilda 50 foizga qisqartiriladi.
28 ta qayta yuklash stansiyasi quriladi. Ularda yiliga 5 million tonna (33,3%) chiqindi qabul qilinadi. Bunda poligonga bormasligi natijasida 15–20 foiz texnikalarning logistika xarajatlari kamayadi. 1,5 million tonna chiqindilar saralanib, qayta ishlash uchun yuboriladi, 90 ming tonna qolgan chiqindilar yoqib, energiya olinadi, 3,4 million tonna poligonga joylashtiriladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA