Qozon-2026: Islom dunyosi mamlakatlari iqtisodiy integratsiyani kuchaytirmoqda
Islomiy moliya texnologiyasi bozori 2029-yilga borib 340 milliard dollarga yetishi kutilyapti. Bu haqda Tataristonda “Rossiya – Islom dunyosi: Qozon-Forum-2026” doirasida o‘tkazilgan 17-xalqaro iqtisodiy konferensiya yig‘ilishida ma’lum qilindi. Shuningdek, anjumanda yangi o‘sish nuqtalari uchun texnologiya, moliya va logistika masalalari asosiy mavzuga aylandi.
– Ushbu forum Rossiya Federatsiyasining musulmon davlatlari bilan hamkorligini rivojlantirish uchun asosiy maydon, – dedi Tatariston Respublikasi Raisi Rustam Minnixanov. – Bu yil alohida ahamiyatga ega voqea yuz berdi: Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar madaniyat vazirlarining yakdil qarori bilan Qozon shahri 2026-yil uchun Islom dunyosi madaniy poytaxti deb e’lon qilindi. Bugungi muhokama mavzusi – “Xaritadagi nuqtalardan o‘sish manzillarigacha: texnologik va moliyaviy tashabbuslarni birlashtirish” nihoyatda dolzarb. Xaritadagi nuqtalar – shaharlarimiz, hududlarimiz va mamlakatlarimiz. Haqiqiy umumiy salohiyatimiz esa texnologiya kapital bilan birlashganda, barqaror taraqqiyot shakllanganda va innovatsiya moliyalashtirilib, sheriklik orqali kengayib, global bozorga chiqqanda namoyon bo‘ladi.

Tatariston rahbari bunday hamkorlikka misol sifatida islomiy moliya tizimini keltirdi. Uning aytishicha, hozir islomiy moliya texnologiyasi yo‘nalishiga ixtisoslashgan kompaniyalarning jahon bozoridagi qiymati taxminan 200 milliard dollarga baholanmoqda. Bu ko‘rsatkich 2029-yilga kelib 340 milliard dollarga yetadi.
– Islom hamkorlik tashkiloti shunchaki mintaqaviy emas, balki ahamiyati jihatidan BMTdan keyingi ikkinchi yirik xalqaro tuzilma sifatida Arabiston, Afrika, Osiyo va Yevropa davlatlarini birlashtiradi, – deydi IHT Bosh kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Yusuf Aldobey. – Bizning asosiy niyatimiz barqaror o‘sishni ta’minlash orqali a’zo davlatlar xalqlari farovonligini oshirishga hissa qo‘shishdir. Ayni maqsadga faqat strategik yondashuv va birgalikda rivojlanish rejalarini ishlab chiqish va amalga oshirish orqaligina erishish mumkin. Shu nuqtai nazardan Islom hamkorlik tashkiloti mamlakatlarimiz o‘rtasidagi muloqot va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida faoliyat yuritmoqda.

O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev ta’kidlashicha, “Kazan Forum” Rossiya hududlari va Islom dunyosi mamlakatlari sanoat, energetika, logistika, moliya, texnologiya, turizm hamda kadrlar tayyorlash sohalarida muloqotdan aniq loyihalarga o‘tayotgan amaliy platforma hisoblanadi.
– Rossiyaning eng faol hududlaridan biri hisoblangan Tatariston O‘zbekiston bilan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishda alohida o‘rin tutadi, – dedi u o‘z nutqida.

– Biz bevosita biznes muloqoti, aniq ishlab chiqarish loyihalari va yangi tashabbuslar uchun ulkan salohiyat ko‘ryapmiz.
Shuningdek, anjuman ishtirokchilari investitsiya mexanizmini takomillashtirish, real sektorga texnologiya jalb etish, qo‘shma loyihalar amalga oshirishda davlat, biznes va taraqqiyot institutlari sherikligini mustahkamlash masalalarini ham muhokama qildilar.
O‘tkir Alimov, O‘zA