Qo‘shtepa – birinchi!
Bu yil Farg‘ona viloyatida 371 ming 500 tonna paxta xom ashyosi yetkazib berilishi haqida shartnomalar tuzilgan. Barcha tumanlar marra chizig‘iga yaqin qolgandi. Bugun esa Qo‘shtepa tumani paxtakorlari joriy yilgi paxta hosili bo‘yicha shartnomaviy rejani viloyatda birinchi bo‘lib bajarishga erishdi.
Tumanda 6400 gektar maydonga chigit ekilib, belgilangan agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilgani, fermer va dehqonlarning fidokorona mehnati samarasida paxtadan mo‘l hosil yetishtirildi.
Hozirgacha 33 ming tonnadan ortiq paxta xomashyosi yig‘ib olindi. Xo‘jaliklarda hosildorlik gektariga 55-60 sentnerdan oshdi.

Mazkur natijaga erishishda paxtachilikka zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, mavjud texnika imkoniyatlaridan samarali foydalanish va ilg‘or agrotexnik tadbirlarni qo‘llash muhim ahamiyat kasb etdi.
Xususan, so‘nggi ikki yilda xarid qilingan 20 ta zamonaviy paxta terish mashinasi hosilni qisqa muddatlarda, sifatli va nest-nobud qilmasdan yig‘ib olish imkonini berdi.
Tumanda agrar sohaga ilm-fan yutuqlari va innovatsion yondashuvlarni tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda yuqori hosildorlikka erishishda o‘zining ijobiy natijalarini beryapti.
Qo‘shtepa tumanida hali yig‘im-terim davom etmoqda.
<iframe width="1493" height="840" src="https://www.youtube.com/embed/yXx1VCv1Iu0" title="Qo`shtepa - birinchi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Muhammadjon Obidov,
Elyor Olimov (video), O‘zA