Ota-ona farzandining baholarini "MyGov" orqali bilib olishi mumkin
Ota-onalar endi farzandining maktabdagi o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarini bilish uchun maktabga borishi shart emas.
Joriy baholar, fanlar bo‘yicha o‘rtacha natijalar va ta’lim muassasasi haqidagi ma’lumotlarni “MyGov” elektron xizmatlari orqali masofadan olish mumkin.
Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur imkoniyat “my.gov.uz” portali va “MyGov” mobil ilovasi orqali taqdim etilmoqda. Xizmat yordamida ota-onalar farzandining har bir fan bo‘yicha joriy baholari, o‘rtacha ko‘rsatkichlari, sinfdagi baholar statistikasi hamda o‘zlashtirish darajasi bilan tanishishi mumkin.
Bundan tashqari, maktabning nomi va manzili, o‘qituvchilar hamda o‘quvchilarning umumiy soni haqidagi ma’lumotlar ham taqdim etiladi.
Xizmatdan qanday foydalaniladi?
Buning uchun my.gov.uz portaliga yoki “MyGov” mobil ilovasiga kirib, shaxsiy kabinetni ochish lozim. So‘ng “Mening oilam” bo‘limida farzandingiz ma’lumotlari yonidagi “Maktab ma’lumotlari” tugmasini bosish orqali kerakli ma’lumotlarni olish mumkin. Mazkur xizmat ota-onalarga farzandining ta’limdagi natijalarini muntazam kuzatib borish, o‘zlashtirishidagi o‘zgarishlarni o‘z vaqtida aniqlash va ta’lim jarayonida faolroq ishtirok etish imkonini beradi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA