Qoraqalpog‘istonda 7,6 milliard dollarlik loyihalar ishga tushirildi va yangi quvvatlar qurilishiga start berildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi doirasida yangi loyihalarni ishga tushirish va qurilishiga start berish marosimida ishtirok etdi.
So‘nggi yillarda hududda tadbirkorlik va investitsiyalar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Xususan, 2016-yilda Qoraqalpog‘istonning yalpi hududiy mahsuloti 8,5 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yil boshiga kelib 54 trillion so‘mdan oshdi. Mahsulot ishlab chiqarishda xususiy sektorning ulushi 66 foizga yetdi. Faol tadbirkorlik sub’ektlari soni 2,5 barobar ko‘payib, 26,5 mingtani tashkil etdi.

So‘nggi to‘qqiz yilda yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish uchun Qoraqalpog‘istonga 5 milliard dollardan ziyod investitsiya kiritildi. Joriy yil yakuniga qadar xorijiy investitsiyalar hajmi 2,5 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Hududda faoliyat yuritayotgan xorijiy va qo‘shma korxonalar soni 2018-yilga nisbatan 2,2 barobar oshib, 271 tani tashkil etdi.
Marosim doirasida 592 million dollarlik 11 ta loyiha ishga tushirildi hamda xorijiy hamkorlar ishtirokida amalga oshiriladigan 7 milliard dollarlik 47 ta yangi loyiha qurilishiga start berildi. Ularning hisobiga 8 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.
Xususan, Qorao‘zak tumanida umumiy quvvati 300 megavatt bo‘lgan ikkita shamol elektr stansiyasi va 100 megavattli elektr energiyasini saqlash tizimi ishga tushirildi.

Ishga tushirilgan ob’ektlar qatorida Nukus shahrida Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda barpo etilgan Shayx Xalifa nomidagi shifoxona bor. Qiymati 27 million dollar bo‘lgan 100 o‘rinli muassasa zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan. Bu yerda 80 ta ish o‘rni yaratildi.
Qoraqalpog‘iston ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasi ham hududda tibbiy xizmat sifatini oshirish va mutaxassislar malakasini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Raqamli infratuzilmani rivojlantirish yo‘nalishida Taxiatosh tumanida “Linkwise” korxonasining 150 million dollarlik modulli intellektual hisoblash markazining birinchi bosqichi ishga tushirildi.

Nukus shahrida jamoat transportini yaxshilashga qaratilgan “SAPSAN TRANS NO‘KIS” korxonasining 20 million dollarlik loyihasi ham ish boshladi. 25 ta avtobus va elektrobus olib kelingan bo‘lib, yil yakuniga qadar qo‘shimcha 75 ta elektrobus keltiriladi. Loyihada 200 ta ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Qurilishi boshlanayotgan loyihalar energetika, raqamli iqtisodiyot, sanoat, transport, tibbiyot va xizmat ko‘rsatish sohalarini qamrab olgan.
Qo‘ng‘irot tumanida Saudiya Arabistonining “ACWA” kompaniyasi bilan hamkorlikda qiymati 2,6 milliard dollar bo‘lgan 1,5 gigavattli yirik shamol elektr stansiyasini qurish va yagona energetika tizimiga ulash ishlari faol bosqichga o‘tmoqda. Loyiha doirasida 1,5 ming kilometr yuqori kuchlanishli magistral elektr tarmog‘i tortiladi, 500 kilovoltli uchta podstansiya quriladi va yana ikkitasi modernizatsiya qilinadi.

Chimboy tumanida koreyalik investorlar bilan respublikada ilk bor qizilmiya ildizini qayta ishlash orqali yiliga 3 million kub metr biogaz ishlab chiqarish loyihasi boshlandi.
Transport infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda A-380 “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” avtomobil yo‘lining 92 kilometrlik qismida qurilish ishlari boshlandi. Loyiha qiymati 233 million dollarni tashkil etadi. Nukus shahri jamoat transporti uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda 112 ta elektrobus xarid qilish va depo tashkil etish loyihasi ham amalga oshiriladi.
Xitoylik hamkorlar bilan Qo‘ng‘irot va Taxiatosh tumanlarida umumiy qiymati 2 milliard 281 million dollar bo‘lgan raqamli valyuta ishlab chiqarish va sun’iy intellekt ma’lumotlar markazlarini tashkil etish loyihalari amalga oshirilmoqda. Taxtako‘pir tumanida ham ma’lumotlar markazi barpo etiladi. Nukus shahrida chiqindilarni termik qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihasiga start berildi.

Qorao‘zak tumanidagi “Zengibobo” konida oltin qazib olish bo‘yicha 20 million dollarlik korxona barpo etiladi. Amudaryo tumanida esa 15 million dollarlik zamonaviy yirik savdo markazi tashkil qilinadi.
Ijtimoiy sohada hindistonlik hamkorlar bilan davlat-xususiy sheriklik asosida tibbiyot fanlari universiteti va yuqori texnologiyali tibbiy yordam ko‘rsatish shifoxonasi tashkil etilmoqda.
Turkiyalik hamkorlar ishtirokida Nukus shahridagi “Do‘stlik” kanali bo‘yida Toshkentdagi “Seul Mun” namunasi asosida 103 million dollarlik dam olish, ko‘ngilochar va savdo markazi barpo etiladi.
Marosimda xorijiy hamkorlar loyihalarni amalga oshirish va ishga tushirish muddatlari haqida axborot berdi. Viloyat hokimlari o‘zlariga biriktirilgan tumanlarda yangi ish o‘rinlari yaratish va kambag‘al oilalar daromadini oshirishga qaratilgan loyihalarini taqdim etdi.

Davlatimiz rahbari nuroniylar, olimlar va keng jamoatchilik vakillarini har bir loyiha ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga chaqirdi. Bunday yondashuv oilalar farovonligini ta’minlash, yoshlar kelajagi va Orolbo‘yining mustahkam iqtisodiy poydevorini yaratishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijlik hamkorlar va tadbirkorlarga minnatdorlik bildirdi.
Ramziy tugma bosilib, yangi ob’ektlar ishga tushirildi va qurilish ishlariga start berildi. Investorlar va hudud faollari bilan samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi.
Shu yerning o‘zida Nukus shahrida yosh oilalar uchun barpo etiladigan “Yangi O‘zbekiston” turar joy massivining taqdimoti ham o‘tkazildi. Massiv uchun 270 gektar maydon belgilanib, loyiha hujjatlarini ishlab chiqish boshlangan. Bu yerda 30 ming aholiga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uy-joylar, yirik biznes markazlari, savdo, xizmat ko‘rsatish va ko‘ngilochar ob’ektlar quriladi.