Qoraqalpog‘iston – katta imkoniyatlar va tashabbuslar makoni
Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-sentabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasiga keldi.
Safarni boshlashdan avval mamlakatimiz yetakchisi atoqli davlat va jamoat arbobi Kallibek Kamalovning xonadoniga tashrif buyurdi. Qur’on tilovat qilinib, marhumning haqqiga duoi fotiha qilindi.
Prezidentimiz marhumning ibratli hayot yo‘li, ezgu ishlari va el-yurt ravnaqi yo‘lidagi xizmatlarini yodga oldi. O‘tganlar xotirasiga ehtirom ko‘rsatish, kattalarni e’zozlash yosh avlod uchun ibrat ekanini ta’kidladi.
Joriy yil fevral oyida vafot etgan Kallibek Kamalov ko‘p yillar Qoraqalpog‘istonda rahbarlik lavozimlarida ishlab, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, sanoat va qishloq xo‘jaligini ravnaq toptirish, aholi turmushini yaxshilashga katta hissa qo‘shdi.
Keyingi yillarda nuroniylar jamoatchilik kengashi raisi sifatida keksalarni qo‘llab-quvvatlash, hamjihatlikni mustahkamlash va yoshlar tarbiyasida faol ishtirok etdi. Xizmatlari “Shuhrat” medali va “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan.
Shundan so‘ng davlatimiz rahbari Kegeyli tumanidagi “ADM Agro” korxonasining sanoatlashgan intensiv bog‘ida yo‘lga qo‘yilgan zamonaviy agrar tajribani ko‘zdan kechirdi.
Jahon tajribasida avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalar boshqa tarmoqlarni ham rivojlantirib, ko‘p tarmoqli faoliyat yuritishi keng tarqalgan.
Jizzax viloyatida avtomobil ishlab chiqarayotgan “ADM Group” kompaniyasi ham shu yondashuv asosida faoliyatini kengaytirmoqda. Orolbo‘yida intensiv bog‘dorchilikni rivojlantirish uning yangi yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi.
Aytishlaricha, Orolbo‘yining og‘ir iqlimida, sho‘r tuprog‘ida bog‘dorchilik o‘zini oqlamaydi. 55 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan mazkur loyiha esa bu qarashlarni butkul o‘zgartirmoqda.
Bog‘ning umumiy maydoni 330 gektarni tashkil etadi. Eng muhimi, mahalliy aholi uchun 100 ta muqim ish o‘rni yaratildi. Ilgari doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan qishloq aholisi endi o‘z hududida ishlab, oilasiga baraka kiritmoqda.
Hozirda 69 gektar maydonga AQSHda seleksiya qilingan 250 ming tup qora olxo‘ri ko‘chati ekilgan. Bu nav sho‘r yerlarga juda chidamli hisoblanadi. U ekilganidan so‘ng atigi 2 yilda hosilga kiradi. Bir tup daraxt 50-60 kilogrammgacha hosil beradi. Mevaning yirikligi va danakning oson ajralishi qayta ishlash uchun juda qulay sanaladi.
Yerdan unumli foydalanish va daromadni ko‘paytirish maqsadida daraxtlar orasiga hosildor pomidor navi ekildi. Ekin maydonining har bir gektaridan o‘rtacha 40-45 tonna hosil olish mumkin.
Bog‘da qo‘llanilgan zamonaviy texnologiyalar suv tanqisligi bilan bog‘liq muammoga samarali yechim berdi. Maydonda yopiq drenaj va tomchilatib sug‘orish tizimlari joriy qilingan. Oddiy sug‘orishda bir gektar yerga 12 ming litr suv ketadi. Yangi tizim orqali esa bu sarf bor-yo‘g‘i 5 ming litrni tashkil etmoqda. Natijada suv 60 foizgacha tejaladi.
Suv to‘g‘ridan-to‘g‘ri daraxt ildiziga boradi va behuda sarf bo‘lmaydi. Suv bilan birga berilgan mineral o‘g‘itlar 90 foizgacha o‘simlik tomonidan o‘zlashtiriladi. Namlikning bir maromda saqlanishi hosildorlikni yanada oshiradi. Tizim to‘liq avtomatlashtirilgani sababli yuzlab gektar maydonni birgina operator bemalol boshqara oladi.
Iqlimning injiqliklariga qaramay shunday zamonaviy bog‘ yaratilgani tadbirkorlarimizning jasorati va yangicha fikrlayotganidan dalolat ekani qayd etildi.
Mevani shu yerning o‘zida quritish va qayta ishlash uskunalari o‘rnatilgani mahsulot qiymatini bir necha barobarga oshirayotgani ta’kidlandi.
Loyiha doirasida tayyor mahsulotlarni sotish bo‘yicha ham aniq reja mavjud. Eksport qilish yuzasidan Xitoy, Koreya va Rossiya davlatlari bilan manfaatli shartnomalar imzolab bo‘lingan.
Kegeylidagi mazkur muvaffaqiyatli tajriba butun Qoraqalpog‘iston bo‘ylab kengaytiriladi. Intensiv bog‘lar maydonini 10 ming gektarga yetkazib, 40 mingta doimiy va mavsumiy ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.
Shu yerda davlatimiz rahbari fermerlar bilan muloqot qildi. Ular mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni alohida qayd etib, Qoraqalpog‘iston taraqqiyotiga qaratilayotgan doimiy e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga tashrifi davomida “Kegeyli baraka naslli parranda” korxonasi faoliyati bilan ham tanishdi.
Mazkur yirik korxona Prezidentimizning 2024-yil 28-iyundagi parrandachilik sohasini qo‘llab-quvvatlashga doir qarori asosida tashkil etildi. Loyihaning umumiy qiymati 7,8 million dollar. 21 gektar maydonni egallagan korxona ishga tushishi bilan 70 nafar mahalliy aholi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.
Korxonaning ishlab chiqarish quvvati yuqori bo‘lib, 200 ming tovuq boqish imkoniyatiga ega. Hozirgi kunda bu yerda 130 ming tovuq parvarish qilinmoqda. Korxona davlat byudjetiga 4,8 milliard so‘m tushum keltirib, tuman iqtisodiyotiga katta hissa qo‘shmoqda.
Majmuada yiliga 27,5 million dona inkubatsion tuxum yetishtiriladi. Ushbu tuxumlar tovuq va 1 kunlik jo‘ja holida sotuvga chiqariladi.
Bugun Kegeylida mana shunday zamonaviy majmua barpo etilgani yaxshi natija ekani qayd etildi. Bunday loyihalar nafaqat mahsulotlar tannarxi, balki hududning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim ekaniga e’tibor qaratildi.
Tovuqlarni sifatli ozuqa bilan ta’minlash masalasi ham korxonaning o‘zida hal etilgan. Bu yerda sutkasiga 100 tonna yem ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan alohida zavod qurilgan. Ishlab chiqarish jarayonlari to‘liq avtomatlashtirilgan.
Ilgari Qoraqalpog‘istonga tovuq va tuxum mahsulotlari mamlakatimizning boshqa hududlaridan keltirilar edi. Ushbu korxona Orolbo‘yi hududining bu mahsulotga bo‘lgan ehtiyojini qondiribgina qolmay, mahsulotni xorijga ham eksport qilmoqda.
Joriy yilning sentabr oyiga qadar Afg‘onistonga 1,1 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Yil yakuniga qadar eksport hajmini 1,5 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Yil yakuniga qadar yana 8,5 gektar maydonda qiymati 5 million dollarlik yangi fabrikani ishga tushirish mo‘ljallangan. Loyiha amalga oshgach, yangi ish o‘rinlari yaratiladi va ishlab chiqarish hajmi yanada ortadi.
Prezidentimiz bunday majmualar kelgusida yirik parrandachilik xoldinglariga aylanib, nafaqat yangi, balki yuqori maoshli ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qilishi kerakligini qayd etdi, mutasaddilarga bu borada tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham aholi daromadlarini ko‘paytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining tashabbusi bilan Kegeyli tumanida tashkil etilgan issiqxona majmuasi ham o‘z loyihalari bilan faol ishtirok etmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu majmua faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Bu yerga 12,5 milliard so‘m imtiyozli mablag‘ ajratilib, 5 gektarda zamonaviy yengil tipdagi issiqxona barpo etildi. Natijada dastlab Ijtimoiy reyestrda turgan 50 ta oila qamrab olinib, ular uchun doimiy ish o‘rinlari yaratildi.
Tanlab olingan har bir ehtiyojmand oilaga 10 sotixdan issiqxona maydoni ajratib berildi. Bunda ushbu kompleksga biriktirilgan lider tadbirkor faqat yer va issiqxona ajratish bilan cheklanib qolmaydi, balki ularni 2 yil davomida shu yerning o‘zida o‘qitib, yetarli bilim va tajribaga ega bo‘lganidan so‘ng o‘z tomorqalarida issiqxona tashkil etish va daromad manbaini yaratishga ko‘maklashadi.
Eng muhimi, yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari lider tadbirkor tomonidan bozor narxida sotib olinadi.
Shuningdek, mazkur issiqxona kompleksida yiliga 1 ming nafar fuqaroni issiqxona xo‘jaligi va dehqonchilik sohasi bo‘yicha o‘qitish ham yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur tizim aholi uchun kafolatli va barqaror daromad manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Bundan tashqari, oilalar daromadini yanada ko‘paytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilgan. Issiqxona yaqinidagi 350 metrlik zovurda 500 bosh o‘rdak boqishga mo‘ljallangan joy tashkil etildi. Loyiha doirasida oilalarga 10 boshdan Braziliyadan keltirilgan “Favorit” naslli o‘rdaklar ajratilib, fuqarolarga ularni ko‘paytirish texnologiyasi atroflicha o‘rgatilmoqda.
Mazkur loyiha qishloq joylarda tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. Bugungi tadbirkorlar faqat o‘z foydasi uchun emas, balki odamlarning ham yaxshi yashashiga o‘zini daxldor deb bilayotgani alohida e’tirof etildi.
Loyihada zamonaviy va resurs tejamkor texnologiyalardan keng foydalanilmoqda. Hududda quvvati 100 kilovatt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilgan bo‘lib, ular ishlab chiqarayotgan elektr energiyasi issiqxonaning kundalik ehtiyojini qoplaydi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi chog‘ida Nukus tumanidagi Diyqan arna mahallasida bo‘lib, aholi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Hududda mingdan ortiq oila, jami 3 ming 600 nafardan ziyod aholi yashaydi. Bu yerda amalga oshirilayotgan ishlar odamlar uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, bandligini ta’minlash va daromadini oshirishga qaratilgan.
Joriy etilgan “Smart mahalla” tizimi aholi murojaatlarini tezkor hal etish, demografik ma’lumotlarni aniq yuritish va infratuzilma holatini elektron nazorat qilish imkonini berib, mahallada tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Ijtimoiy infratuzilmani yaxshilashga ham alohida e’tibor qaratilgan. Investitsiya dasturi doirasida 4,5 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 60 o‘rinli zamonaviy bog‘cha foydalanishga topshirildi. Mahalliy byudjetdan 1 milliard so‘m yo‘naltirilib, futbol va vorkaut maydonchalari barpo etildi.
Aholi daromadini oshirishda “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida asalarichilik asosiy yo‘nalish sifatida belgilangan. Hozirda mahallada 20 dan ortiq xonadonda asalari boqilmoqda. Bir xonadonda 50-100 ta asalari qutisidan yiliga 1 tonnagacha asal olinib, daromad topilmoqda.
Davlatimiz rahbari mahallada yashovchi Baxtiyar Jubayev xonadonida bo‘lib, asalni qayta ishlash sexi va asalari qutilarini tayyorlash jarayoni bilan tanishdi.
Bu yerda bir mavsumda 2 tonna qayta ishlangan asal mahsuloti sotilib, yiliga 200 million so‘m atrofida foyda olinmoqda. Ustaxonada esa yiliga 250 tadan ortiq asalari qutisi tayyorlanib, qo‘shimcha 80 million so‘mgacha daromad ko‘rilmoqda.
Yil yakuniga qadar Asalarichilar uyushmasi tomonidan yana 100 ta xonadonda kooperatsiya asosida asalari boqishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bu yana ko‘plab oilalarni barqaror daromad manbai bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
Prezidentimiz shu yerda hudud faollari, nuroniylar va yoshlar bilan samimiy muloqot qildi.
Orolbo‘yini rivojlantirish va aholi turmush darajasini yuksaltirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan ekani ta’kidlandi. Mahallalarda boshlangan bunday xayrli ishlar ko‘lami kengaytirilib, ularni amalga oshirish sur’ati yanada jadallashishi qayd etildi.
So‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasi faoliyati bilan tanishdi.
Aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, avvalo, zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega malakali mutaxassislarga bog‘liq. Shu bois, Qoraqalpog‘istonda shifokorlar va o‘rta tibbiyot xodimlarining malakasini tizimli oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yangi tashkil etilgan akademiya soha xodimlarini xalqaro standartlar va ilg‘or texnologiyalar asosida qayta tayyorlashning tayanch markaziga aylanadi.
Davlatimiz rahbarining 2024-yil 24-dekabrdagi tegishli qaroriga muvofiq, hududdagi tibbiyot muassasalarini xususiy sektor ishtirokida ilm-fan, ta’lim va amaliyotni birlashtirgan yagona innovatsion klasterga aylantirish belgilangan.
Ana shu maqsadda 4,6 gektar maydonda umumiy qiymati 154 milliard so‘m bo‘lgan zamonaviy majmua barpo etildi, 80 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Akademiya yiliga 3 ming nafar shifokor hamda 6 ming 800 nafar o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimi malakasini oshirish imkoniyatiga ega.
Shuningdek, har yili Orolbo‘yi mintaqasidan 100 nafarga yaqin klinik ordinator tayyorlanadi.
Ularning ta’lim olishi va yashashi uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Uzoq hududlardan keladigan mutaxassislar uchun 72 o‘rinli zamonaviy mehmonxona faoliyat yuritmoqda.
Amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish uchun 18 ta simulyatsion xona tashkil etilgan. Ularda 50 dan ortiq yo‘nalish bo‘yicha raqamli va simulyatsion ta’lim yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, mutaxassislarni 100 dan ziyod tibbiy amaliyot bo‘yicha xalqaro standartlar asosida tayyorlashga xizmat qiladi.
Muassasa zamonaviy tibbiy texnologiyalar bilan jihozlangan. Xususan, bu yerda Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan “Edge Medical” jarrohlik roboti o‘rnatilgan. U simulyatsion o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish bilan birga real klinik sharoitda masofaviy operatsiyalarni yuqori aniqlikda bajarish imkonini beradi.
Akademiya nufuzli xorijiy tibbiyot markazlari va yetakchi universitetlar, jumladan, AQSHning Pittsburg hamda Germaniyaning Frayburg universitetlari bilan hamkorlik qilmoqda. Xalqaro o‘quv kurslari va qo‘shma ilmiy tadqiqotlar tashkil etilib, telemeditsina va raqamli ta’lim texnologiyalari joriy qilingan.
Davlatimiz rahbari akademiyaning amaliy mashg‘ulot xonalarini ko‘zdan kechirdi, talabalar va soha xodimlari bilan muloqot qildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi loyihalarni ishga tushirish va qurilishiga start berish marosimida ishtirok etdi.
So‘nggi yillarda hududda tadbirkorlik va investitsiyalar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Xususan, 2016-yilda Qoraqalpog‘istonning yalpi hududiy mahsuloti 8,5 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yil boshiga kelib 54 trillion so‘mdan oshdi. Mahsulot ishlab chiqarishda xususiy sektorning ulushi 66 foizga yetdi. Faol tadbirkorlik sub’ektlari soni 2,5 barobar ko‘payib, 26,5 mingtani tashkil etdi.
So‘nggi to‘qqiz yilda yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish uchun Qoraqalpog‘istonga 5 milliard dollardan ziyod investitsiya kiritildi. Joriy yil yakuniga qadar xorijiy investitsiyalar hajmi 2,5 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Hududda faoliyat yuritayotgan xorijiy va qo‘shma korxonalar soni 2018-yilga nisbatan 2,2 barobar oshib, 271 tani tashkil etdi.
Marosim doirasida 592 million dollarlik 11 ta loyiha ishga tushirildi hamda xorijiy hamkorlar ishtirokida amalga oshiriladigan 7 milliard dollarlik 47 ta yangi loyiha qurilishiga start berildi. Ularning hisobiga 8 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.
Xususan, Qorao‘zak tumanida umumiy quvvati 300 megavatt bo‘lgan ikkita shamol elektr stansiyasi va 100 megavattli elektr energiyasini saqlash tizimi ishga tushirildi.
Ishga tushirilgan ob’ektlar qatorida Nukus shahrida Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda barpo etilgan Shayx Xalifa nomidagi shifoxona bor. Qiymati 27 million dollar bo‘lgan 100 o‘rinli muassasa zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan. Bu yerda 80 ta ish o‘rni yaratildi.
Qoraqalpog‘iston ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasi ham hududda tibbiy xizmat sifatini oshirish va mutaxassislar malakasini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Raqamli infratuzilmani rivojlantirish yo‘nalishida Taxiatosh tumanida “Linkwise” korxonasining 150 million dollarlik modulli intellektual hisoblash markazining birinchi bosqichi ishga tushirildi.
Nukus shahrida jamoat transportini yaxshilashga qaratilgan “SAPSAN TRANS NO‘KIS” korxonasining 20 million dollarlik loyihasi ham ish boshladi. 25 ta avtobus va elektrobus olib kelingan bo‘lib, yil yakuniga qadar qo‘shimcha 75 ta elektrobus keltiriladi. Loyihada 200 ta ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Qurilishi boshlanayotgan loyihalar energetika, raqamli iqtisodiyot, sanoat, transport, tibbiyot va xizmat ko‘rsatish sohalarini qamrab olgan.
Qo‘ng‘irot tumanida Saudiya Arabistonining “ACWA” kompaniyasi bilan hamkorlikda qiymati 2,6 milliard dollar bo‘lgan 1,5 gigavattli yirik shamol elektr stansiyasini qurish va yagona energetika tizimiga ulash ishlari faol bosqichga o‘tmoqda. Loyiha doirasida 1,5 ming kilometr yuqori kuchlanishli magistral elektr tarmog‘i tortiladi, 500 kilovoltli uchta podstansiya quriladi va yana ikkitasi modernizatsiya qilinadi.
Chimboy tumanida koreyalik investorlar bilan respublikada ilk bor qizilmiya ildizini qayta ishlash orqali yiliga 3 million kub metr biogaz ishlab chiqarish loyihasi ishga tushdi.
Transport infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda A-380 “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” avtomobil yo‘lining 92 kilometrlik qismida qurilish ishlari boshlandi. Loyiha qiymati 233 million dollarni tashkil etadi. Nukus shahri jamoat transporti uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda 112 ta elektrobus xarid qilish va depo tashkil etish loyihasi ham amalga oshiriladi.
Xitoylik hamkorlar bilan Qo‘ng‘irot va Taxiatosh tumanlarida umumiy qiymati 2 milliard 281 million dollar bo‘lgan raqamli valyuta ishlab chiqarish va sun’iy intellekt ma’lumotlar markazlarini tashkil etish loyihalari amalga oshirilmoqda. Taxtako‘pir tumanida ham ma’lumotlar markazi barpo etiladi. Nukus shahrida chiqindilarni termik qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihasiga start berildi.
Qorao‘zak tumanidagi “Zengibobo” konida oltin qazib olish bo‘yicha 20 million dollarlik korxona barpo etiladi. Amudaryo tumanida esa 15 million dollarlik zamonaviy yirik savdo markazi tashkil qilinadi.
Ijtimoiy sohada hindistonlik hamkorlar bilan davlat-xususiy sheriklik asosida tibbiyot fanlari universiteti va yuqori texnologiyali tibbiy yordam ko‘rsatish shifoxonasi tashkil etilmoqda.
Turkiyalik hamkorlar ishtirokida Nukus shahridagi “Do‘stlik” kanali bo‘yida Toshkentdagi “Seoul Mun” namunasi asosida 103 million dollarlik dam olish, ko‘ngilochar va savdo markazi barpo etiladi.
Marosimda xorijiy hamkorlar loyihalarni amalga oshirish va ishga tushirish muddatlari haqida axborot berdi. Viloyat hokimlari o‘zlariga biriktirilgan tumanlarda yangi ish o‘rinlari yaratish va kambag‘al oilalar daromadini oshirishga qaratilgan loyihalarini taqdim etdi.
Prezidentimiz nuroniylar, olimlar va keng jamoatchilik vakillarini har bir loyiha ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga chaqirdi. Bunday yondashuv oilalar farovonligini ta’minlash, yoshlar kelajagi va Orolbo‘yining mustahkam iqtisodiy poydevorini yaratishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijlik hamkorlar va tadbirkorlarga minnatdorlik bildirdi.
Ramziy tugma bosilib, yangi ob’ektlar ishga tushirildi va qurilish ishlariga start berildi. Investorlar va hudud faollari bilan samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi.
Shu yerning o‘zida Nukus shahrida yosh oilalar uchun barpo etiladigan “Yangi O‘zbekiston” turar joy massivining taqdimoti ham o‘tkazildi. Massiv uchun 270 gektar maydon belgilanib, loyiha hujjatlarini ishlab chiqish boshlangan. Bu yerda 30 ming aholiga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uy-joylar, yirik biznes markazlari, savdo, xizmat ko‘rsatish va ko‘ngilochar ob’ektlar quriladi.
Keyin Prezident Shavkat Mirziyoyev Nukus shahridagi “Nukus Insulation Group” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Korxonada mahalliy bazalt xomashyosidan zamonaviy issiqlik izolyatsiyasi materiallari ishlab chiqarilmoqda.
Qoraqalpog‘istonning boy tabiiy resurslaridan samarali foydalanishga qaratilgan ushbu loyiha hududda qurilish materiallari sanoatini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Loyiha davlatimiz rahbarining 2024-yil 9-fevraldagi «Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida amalga oshirildi.
Umumiy qiymati 50 million dollar bo‘lgan korxonaga Yevropada ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar o‘rnatilgan. Ular mahalliy xomashyodan xalqaro standartlarga mos mahsulot tayyorlash imkonini beradi.
Korxona yiliga 300 milliard so‘mlik 50 ming tonna issiqlik izolyatsiyasi materiallari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu yerda 150 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Bazalt asosidagi izolyatsiya materiallari yong‘inga chidamliligi, issiqlikni saqlash xususiyati va uzoq xizmat qilishi bilan ajralib turadi. Ularning qurilishda qo‘llanilishi bino va inshootlarning energiya samaradorligini oshirish, isitish va sovitish xarajatlarini kamaytirishga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari ishlab chiqarish jarayoni va mahsulotlar bilan tanishib, korxona jamoasi bilan samimiy muloqot qildi.
Shu yerning o‘zida Qoraqalpog‘iston tumanlariga biriktirilgan viloyatlar hokimlari o‘tgan davrda amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berdi.
Prezidentimiz viloyatlar ko‘magida ushbu tumanlarni qo‘llab-quvvatlash va obodonlashtirish ishlari ko‘lamini yanada kengaytirish zarurligini ta’kidladi. Hududlar o‘rtasidagi aloqalar va ishlab chiqarish kooperatsiyasini mustahkamlash, mavjud imkoniyatlardan birgalikda foydalanib, aholi bandligi va daromadlarini oshirishga qaratilgan loyihalarni ko‘paytirish muhimligi qayd etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Nukus shahridagi “Coals KS” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Loyihaning umumiy qiymati 16,3 million dollar. Korxonada gazoblok va ohak ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Gazoblok ishlab chiqarish uchun “Nukus” erkin iqtisodiy zonasida 4,8 gektar maydon ajratilgan.
Ohak ishlab chiqarish quvvatlari esa Qorao‘zak tumanidagi 4,8 gektar maydonda joylashgan.
Korxona yiliga 300 ming kub metr gazoblok va 165 ming tonna ohak ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu ichki bozorga zamonaviy qurilish materiallari yetkazib berish bilan birga eksportni yo‘lga qo‘yish imkonini ham beradi. Mahsulotlarni Qozog‘iston va Turkmanistonga eksport qilish rejalashtirilgan.
Ishlab chiqarishda foydalanilayotgan xomashyoning 96 foizi mahalliy manbalardan olinadi. Xususan, kvars qumi, sement va gips mamlakatimizdagi korxonalar tomonidan yetkazib berilmoqda. Bu mahsulot tannarxini pasaytirish va ta’minot barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Korxonada tayyorlanayotgan gazobloklar yengilligi, issiqlikni saqlash va tovush izolyatsiyasi xususiyatlari bilan ajralib turadi. Ular oddiy pishiq g‘ishtga nisbatan 3-4 barobar yengil bo‘lib, qurilish xarajatlarini kamaytirishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda korxonada 200 nafar mahalliy aholi mehnat qilmoqda. Korxona tomonidan hozirgacha umumiy qiymati 200 million dollar bo‘lgan 5 ta yirik loyiha ishga tushirilgan. Yana 40 million dollarlik 4 ta yangi loyiha bo‘yicha qurilish ishlari davom etmoqda.
Davlatimiz rahbari ishlab chiqarish jarayonlari va mahsulotlar bilan tanishib, korxonaning istiqboldagi rejalari haqidagi axborotni tingladi. Ishchilar bilan samimiy muloqot qildi.
Mahsulot tannarxini pasaytirish bilan birga sifatini yuqori darajada saqlash, ishlab chiqarish hajmi va eksport imkoniyatlarini kengaytirish, xodimlar malakasini muntazam oshirib borish muhimligi ta’kidlandi. Korxona rahbariyati va soha mas’ullariga tegishli tavsiya va topshiriqlar berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Nukus shahridagi 1-son texnikumi faoliyati bilan ham tanishdi.
Mamlakatimizda yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish, ichki va xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 17-iyuldagi “Respublikada xalqaro ta’lim standartlari asosida o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim dasturlarini joriy etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, mazkur texnikumda Buyuk Britaniyaning “Pearson BTEC” xalqaro ta’lim dasturi joriy etildi.
Dunyoning 70 ta mamlakatida qo‘llanilayotgan ushbu dastur O‘zbekistonda ilk bor mazkur texnikumda yo‘lga qo‘yildi. Uning asosiy xususiyati nazariy bilimlarni amaliy ko‘nikmalar bilan uyg‘unlashtirishdir. Shu maqsadda ta’lim standartlariga mos zamonaviy o‘quv ustaxonalari va raqamli laboratoriyalar tashkil etildi.
Loyihaning umumiy qiymati 11,9 milliard so‘m. Natijada 240 o‘rinli zamonaviy ustaxonalar yaratildi. Texnikumda jami 1 ming 203 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda.
Muassasa 4 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, bino va inshootlarining umumiy maydoni 4,6 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Bu yerda dual ta’limni yo‘lga qo‘yib, hudud iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlari uchun mutaxassislar tayyorlash ko‘zda tutilgan. Xalqaro dastur bitiruvchilariga 70 dan ortiq davlatda tan olinadigan diplom beriladi.
Xususiy hamkor ishtirokida “spin-off” ta’lim dasturi ham yo‘lga qo‘yilgan. Uning doirasida 136 nafar o‘quvchi talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasblarni egallamoqda. Asosiy fanlar ingliz tilida o‘qitilib, o‘quv-uslubiy materiallar ham shu tilda taqdim etilmoqda. Bu o‘quvchilarning kasbiy bilimlari bilan birga sohaviy til ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Amaliy tayyorgarlik natijasida bitiruvchilarning xorijda ishlash imkoniyatlari kengaymoqda. Joriy yilda texnikumda payvandchilik bo‘yicha o‘qitilgan 25 nafar ishsiz fuqaro Estoniyaga ishga yuborildi. Ular oyiga 3 ming yevrogacha ish haqi olmoqda.
Shuningdek, tashkil etilayotgan 40 million dollarlik sanoat zonasi uchun zarur mutaxassislarni mazkur texnikumda tayyorlash bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan. Bu ta’limni ishlab chiqarish bilan bog‘lash va bitiruvchilar bandligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari texnikumda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Xalqaro mehnat bozorida malakali kadrlarga talab ortib borayotgani qayd etilib, o‘quv jarayonlarini ish beruvchilar ehtiyojlariga muvofiq tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi chog‘ida Nukus shahridagi yangilangan ko‘cha bo‘ylab sayr qildi.
Shaharning G‘aresizlik, S.Kamalov va G‘.Sheraziyeva ko‘chalarida amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlari natijasida aholi va shahar mehmonlari uchun qulay dam olish muhiti, savdo va ko‘ngilochar maskanlarning tunu kun faoliyat yuritishi uchun sharoit yaratildi.
Bu ishlarga 2,2 milliard so‘m ajratilib, ko‘chalarning 2,5 kilometrlik qismi ta’mirlandi va infratuzilmasi yangilandi.
Piyodalar yo‘laklari barpo etilib, o‘rindiqlar va chiqindi qutilari o‘rnatildi. Hududni tungi vaqtda yoritish uchun quyosh panellari yordamida ishlaydigan energiya tejamkor chiroqlar o‘rnatildi. Yomg‘ir suvlarini oqizish va suv to‘planishining oldini olish maqsadida 1,5 kilometrlik tarmoq yangidan qurildi, mavjudlari modernizatsiya qilindi.
Yaratilgan sharoitlar tadbirkorlik faoliyatini ham jonlantirdi. Hududda 8 ta yangi tadbirkorlik sub’ekti ish boshladi, yana 10 tasi faoliyatini kengaytirdi. Natijada 75 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Davlatimiz rahbari ko‘cha bo‘ylab yurar ekan, odamlar bilan samimiy muloqot qildi, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik eng qadrli ne’mat ekanligini ta’kidlab, ezgu tilaklarini bildirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida Nukus shahridagi rekonstruksiya qilingan “Turon” stadioni bilan ham tanishdi.
Majmuaning yangilanishi hududda ommaviy va professional futbolni rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni saralash va sportchilarning tayyorgarligini oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratdi. Bu ishlar davlatimiz rahbarining 2023-yil 7-apreldagi “Ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarga muvofiq amalga oshirildi.
Loyihaning umumiy qiymati 118,6 milliard so‘mni tashkil etadi. Majmuada 85 nafar kishining doimiy bandligi ta’minlandi. Rekonstruksiya natijasida stadion sig‘imi 9,3 mingdan 12 ming o‘ringa yetkazildi.
“Turon” stadioni “Aral” professional futbol klubining bazasi hisoblanadi. Bu yerda Respublika futbol akademiyasining 190 nafar tarbiyalanuvchisi muntazam mashg‘ulotlar va o‘quv yig‘inlarini o‘tkazmoqda. Majmuada ikkita sport zali va ikkita qo‘shimcha stadion ham mavjud.
Akademiya tarbiyalanuvchilari uchun 196 o‘rinli yotoqxona, 84 o‘rinli oshxona, trenajyor zallari va taktik tahlil xonalari tashkil etilgan. Shuningdek, yengil atletika, boks va taekvondo bo‘yicha bir vaqtning o‘zida 100-150 nafar sportchining shug‘ullanishi uchun sharoit yaratilgan.
Stadionda ommaviy axborot vositalari uchun maxsus platformalar, ofsayd kameralarini o‘rnatish nuqtalari hamda markazlashgan VAR tizimi uchun alohida zona tashkil etildi. Mazkur infratuzilma musobaqalarni yuqori saviyada o‘tkazish va yoritishga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari majmuadagi sharoitlar bilan tanishib, Qoraqalpog‘istonda sportni, xususan, futbolni rivojlantirish bo‘yicha tavsiya va ko‘rsatmalar berdi.
Prezidentimiz shu yerda mashg‘ulot o‘tayotgan yosh sportchilar bilan samimiy suhbatlashdi va ular bilan esdalik uchun suratga tushdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘istonga tashrifi davom etmoqda.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
Dovud ABIBULLAEV,
Dilshod HAKIMOV,
O‘zA maxsus muxbirlari