Qoraqalpog‘iston delegatsiyasi Navoiy viloyatida tajriba almashdi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanidan tashkilot va hokimiyat xodimlaridan iborat delegatsiya Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida mehmonlar viloyatning tarixiy qadamjolari, jumladan, Nurota tumanida joylashgan “Chashma” ziyoratgohida bo‘lib, uning boy tarixi hamda ma’naviy ahamiyati haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

Shundan so‘ng delegatsiya a’zolari xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb etishga qaratilgan kichik biznes markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Amalga oshirilayotgan loyihalar, yaratilgan sharoitlar va erishilayotgan natijalar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Tashrif doirasida o‘zaro tajriba almashish hamda hududlar o‘rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

– Navoiy viloyatiga kelib, ayollar uchun yaratilgan imkoniyatlarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik, – deydi Chimboy tuman hokimi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Gulzar Mambetniyazova. – Ayniqsa, ularning tadbirkorlikka jalb etilayotgani, kichik biznes orqali o‘zini o‘zi band qilayotgani quvonarli. Bu yerda ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Ayollarga nafaqat ta’lim olish, balki amalda faoliyat boshlash uchun ham zarur sharoitlar yaratilgan. Albatta, ushbu tajribani o‘zimizda – Chimboy tumanida ham joriy etishni rejalashtiryapmiz. Chunki xotin-qizlar faolligining oshishi oilalar mustahkamligiga xizmat qiladi. Bugungi tashrif biz uchun juda foydali bo‘ldi. Ko‘plab yangi tajribalarni o‘rgandik va ularni amaliyotga joriy etishga harakat qilamiz.

Bu kabi amaliy uchrashuvlar hududlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash hamda ilg‘or tajribalarni keng joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri