Kartoshkachilikda ilm va amaliyot uyg‘unligi samarasi (+video)
Biz ko‘pincha kartoshka yetishtirish deganda an’anaviy usulni, ya’ni tuproqqa bo‘laklarga bo‘lib, ko‘kargan kartoshka urug‘ini tepaga qaratib ekish va undan olinadigan hosilni kavlab olishni ko‘z oldimizga keltiramiz. Innovatsion kartoshkachilik buning to‘liq aksi bo‘lib, yetishtirish jarayoni an’anaviy usuldan tubdan farq qiladi.
Eng avvalo «in-vitro» laboratoriyasida viruslardan xoli o‘simlik tayyorlab olinganidan so‘ng, yerga emas po‘kakdan tayyorlangan moslamaga ko‘chirib o‘tqaziladi. O‘simlikka zarur minerallar, suv va boshqa bio mahsulotlar uning tomiriga purkash yo‘li bilan yuboriladi. Bu jarayonni va haroratni “smart” issiqxonadagi avtomatik tizim boshqaradi. Inson aralashuvi cheklanganligi bois bir ishchi barcha bosqichni to‘liq nazorat qila oladi.
- Bizni institut yangi navlarni yaratish bilan birga urug‘chiligi bilan ham shug‘ullanadi, - deydi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori Nurbek Xushvaqtov. – Bu yerda sog‘lom, viruslardan xoli bo‘lgan, yuqori avlodli urug‘liklar yetishtiriladi. Ushbu issiqxonada institut laboratoriyasida «in-vitro» usulida tayyorlab olingan o‘simliklar yetishtirilmoqda. 20 sotox maydonda 16 mingta o‘simlik ekilgan va bulardan 1 mln mini tuganak olishni rejalashtirib turibmiz.
Toshkent viloyatida joylashgan Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan olib borilayotgan ushbu ilk tadqiqot koreyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. 65 kun davomida pishib yetiladigan kartoshkaning yangi navi Niderlandiya Qirolligining qishloq xo‘jaligi vazirligi mutaxassislaridan iborat delegatsiya a’zolarida ham katta taassurot qoldirdi.
- O‘zbekistonda kartoshkachilik sohasida navlarni yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar berdik, - deydi Niderlandiya Qishloq xo‘jaligi, baliqchilik, oziq-ovqat xavfsizligi va tabiat vazirligi huzuridagi Agrar soha bosh boshqarmasining urug‘chilik bo‘yicha siyosat mutaxassisi Mariyen Valstar. – Bu borada biz yuqori tajribaga egamiz. Biz har doim ikki tomonning rivojlanishini istaymiz va ushbu yo‘nalishda vazifalarni belgilab oldik. O‘zbekiston fermerlari uchun yangi, istiqbolli navlarni olib kirishni maqsad qilganmiz. Zero, nav ustida ishlamaslik tarmoqni orqaga tortadi, unda rivojlanish bo‘lmaydi. Umid qilamanki, bu hamkorlik O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasini yanada taraqqiy ettirishga yordam beradi.
20 sotox maydonda tayyorlab olingan mini tuganaklar keyinchalik maxsus tayyorlangan issiqxonalarga ekiladi. Bu o‘simlikni yerga va iqlimga moslashtirish uchun amalga oshiriladi. Mini tuganaklar tayyor bo‘lgach, ochiq maydonlarga qayta ekiladi.
Bugungi kunda mahalliy kartoshkaning istiqbolli navlarini ixtiro qilish va mavjudlarini saqlab qolish maqsadida institut ochiq dala maydonida har mavsumda urug‘liklar yetishtirib kelinadi. Kartoshkachilik xo‘jaliklari talablariga qarab, ushbu o‘simlik «in-vitro» usulida yana ko‘paytirilib, mini tuganaklar yana o‘sha ketma-ketlikda tayyorlab beriladi. Ushbu sikl to‘xtab qolmaydi. Yil davomida xo‘jaliklarni sifatli va hududga mos urug‘lik bilan ta’minlab berish imkoni yaratildi. Institutda bir yilda 3 mln donadan ziyod mini tuganaklar tayyorlash imkoni bor va may oyi oxirlarida dastlabki urug‘liklar tayyor bo‘ladi.
Shuningdek, aeroponika issiqxonada ham kartoshka va boshqa o‘simliklar sinovdan o‘tkazilmoqda. E’tiborli tomoni bu kabi usulni hattoki xonadon sharoitida ham tashkil etish mumkin.
Kelgusida Janubiy Koreya olimlari bilan hamkorlikda olib borilgan izlanishlar tufayli yaratilgan yangi navlar nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo davlatlarini to‘liq sifatli va mintaqamizga mos urug‘lik bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/CvBVVHgHWTs" title="Kartoshkachilikda ilm va amaliyot uyg‘unligi samarasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov,
Oybek Davronov, Saliboy Ashurov (video), O‘zA