Qonun ustuvorligi — adolat va taraqqiyotning mustahkam kafolati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning davlat mustaqilligimizning 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida mamlakatimiz taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari – milliy dasturlar belgilab berildi. Ulardan beshinchisi sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlashni umumiy qadriyatga aylantirishga qaratilgan. Uning doirasida huquqiy tarbiyani maktabdan boshlash, fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish, kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish, “yashirin iqtisodiyot” hamda uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, xotin-qizlar va bolalar huquqlarini ishonchli himoya qilish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berilgan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan “Qonun ustuvorligi va sud mustaqilligini ta’minlash – adolatli jamiyat barpo etishning muhim sharti” mavzusidagi davra suhbatida ayni shu yo‘nalishdagi masalalar muhokama qilindi.
Unda qo‘mita huzuridagi jamoatchilik kengashi a’zolari, Oliy sud, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Biznes ombudsman, boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Oliy sud raisi o‘rinbosari Sh.Polvonov sud hokimiyatining mustaqilligining ahamiyati, bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar hamda qonunchilik asoslari xususida to‘xtalib o‘tdi. Qayd etilganidek, sudlarning mustaqilligi inson huquq va erkinliklarining ishonchli kafolati, davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonchning mustahkam poydevori hisoblanadi. So‘nggi yillarda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy va sud-huquq islohotlari natijasida sudlarning mustaqilligini ta’minlashning huquqiy asoslari mustahkamlandi, sudya maqomining daxlsizligi, sud jarayonlarining ochiqligi va odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlari kengaytirildi.
Davra suhbatida zamonaviy tahdidlar – kiberjinoyatchilik, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishi va odam savdosiga qarshi kurashish, “yashirin iqtisodiyot” hamda uyushgan jinoyatchilikning ildiziga bolta urish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Bu yo‘nalishlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatining o‘zaro muvofiqligini ta’minlash, raqamli texnologiyalardan keng foydalanish va profilaktika ishlarini tizimli tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, “yashirin iqtisodiyot” va xufiyona aylanmalarga qarshi kurashish borasidagi sa’y-harakatlar tufayli bir qator natijalarga erishildi. Jumladan, birgina 2024-yilda xufiyona aylanmalarga chek qo‘yish orqali 16 trillion so‘m miqdorida byudjetga tushumlar ta’minlangan. 9 mingga yaqin tadbirkorning yashirin faoliyati rasmiylashtirildi. Joriy yilning 8 oyida ham “yashirin iqtisodiyot”ga qarshi kurashish borasidagi chora-tadbirlar natijasida soliq tushumlari 34 foizga ko‘paygan.
Muhokamalarda “yashirin iqtisodiyot”ning oldini olish maqsadida raqamlashtirish ishlari jadal olib borilayotgani, bu borada Prezidentimizning tegishli farmoni bilan 2030-yilgacha “yashirin iqtisodiyot”ni kamaytirish choralari belgilab olingani alohida ta’kidlandi. Shuningdek, xufiyona aylanmalarni bartaraf etish aholi farovonligiga, hududlar ravnaqiga xizmat qilishi qayd etildi.
Munozaralar davomida ishtirokchilar sud-huquq sohasidagi qonunchilikni yanada takomillashtirish, sudlar faoliyati ustidan parlament nazoratini kuchaytirish, huquqiy axborot tizimlarining ochiqligini ta’minlash va aholining huquqiy saviyasini oshirishga qaratilgan fikr va takliflarini bildirdilar.
Shuningdek, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishda profilaktik ishlarni kuchaytirish, raqamli texnologiyalardan faol foydalanish, sohada zamonaviy texnologiyalardan foydalana oladigan kadrlarni tayyorlash, idoralararo hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish lozimligi aytib o‘tildi.
Shu bilan birga, yoshlarda qonunga hurmat va huquqiy ongni shakllantirish huquqbuzarliklarning oldini olishning eng samarali vositasi ekanligi, bu borada ta’lim muassasalari, mahalla, oila va ommaviy axborot vositalarining hamkorligini kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA