Davlatimiz rahbari Olmazordagi zamonaviy farmatsevtika korxonasiga bordi
Prezident Shavkat Mirziyoyev “RomPharm NS” dori vositalarini ishlab chiqarish korxonasida bo‘ldi.
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 28-yanvardagi “Farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori sohada ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga xizmat qilmoqda.

Toshkent shahrining Olmazor tumanida faoliyat yuritayotgan “RomPharm NS” dori vositalari ishlab chiqarish korxonasida bu borada amalga oshirilayotgan ishlar e’tiborga molik.

Korxonaning asosiy maqsadi ichki bozorni sifatli farmatsevtika mahsulotlari bilan ta’minlash, import o‘rnini bosuvchi dori vositalari ishlab chiqarish hajmini oshirishdan iborat. Kelgusida yillik quvvatni 1 milliard dona tabletka, 500 million dona kapsula va 120 million dona sashega yetkazish rejalashtirilgan.

Korxona o‘zining to‘liq ishlab chiqarish sikli va nazorat laboratoriyasi Yevropa Ittifoqining GMP standartlari asosida tashkil etilgan Markaziy Osiyodagi birinchi majmualardan biri hisoblanadi.

Loyihaning umumiy qiymati 45 million yevroni tashkil etadi. 1,7 gektar maydonni egallagan korxonada 150 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Ishlab chiqarish jarayonining 90 foizi avtomatlashtirilgan. Zamonaviy uskunalar Italiya, Germaniya, Avstriya, AQSH, Shveysariya va Bolgariyadan keltirilgan.

Bu yerda tayyorlanayotgan mahsulotlar to‘liq import o‘rnini bosishga yo‘naltirilgan. Asosiy e’tibor nevrologiya, kardiologiya, metabolik jarayonlar hamda yallig‘lanishga qarshi yo‘nalishlarda qo‘llaniladigan dori vositalarini ishlab chiqarishga qaratilgan.

Davlatimiz rahbari korxona faoliyati bilan tanishar ekan, zamonaviy texnologiyalarga asoslangan quvvatlarni kengaytirish, ichki bozorni sifatli farmatsevtika mahsulotlari bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi. Asosiy maqsad importga bog‘liqlikni kamaytirish va sohada yangi ish o‘rinlari yaratish ekani qayd etildi.
Shu yerning o‘zida Prezidentimizga korxona faoliyatining istiqboldagi rejalari xususida taqdimot qilindi.