Qishda yo‘llarda xavfsiz harakat uchun 150 milliard so‘m yo‘naltiriladi
Yog‘inli, muzlama va qorli yo‘llar haydovchilardan nafaqat ehtiyotkorlik, balki yo‘l infratuzilmasining mavsumga tayyorligini ham talab qiladi.
Ayniqsa, tog‘li hududlardagi dovonlarda ob-havoning keskin o‘zgarishi transport harakatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Mamlakatimizda yo‘llar kuz-qish mavsumiga tayyormi?
Yo‘llarni qish mavsumida saqlash va uzluksiz harakatni ta’minlash uchun qanday amaliy ishlar olib borilmoqda?
Milliy kontent markazida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi mas’ullari tomonidan tashkil etilgan brifingda sohaga tegishli ma’lumotlar taqdim etildi.
Brifingda ta’kidlanishicha, tizim tasarrufidagi jami 42 ming 371 kilometr uzunlikdagi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari hamda yo‘l-transport infratuzilmasi ob’ektlarini mavsumga tayyorlash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan. Kuz-qish mavsumini xavfsiz o‘tkazish maqsadida 18 ming 236 nafar ishchi va mexanizatordan iborat maxsus brigadalar tashkil etilmoqda. Ular, ayniqsa, avtomobil yo‘llarining xavfli uchastkalarida vaxta usulida ish olib boradi.
Tizimdagi 559 ta yo‘l bo‘limining yotoqxona va xizmat xonalarida zarur sharoitlar yaratilib, navbatchilikdagi ishchi-xizmatchilarni uch mahal issiq ovqat bilan ta’minlash choralari ko‘rilgan. Shuningdek, favqulodda vaziyatlarda foydalanish uchun birlamchi oziq-ovqat zaxiralari tayyorlanmoqda. Yo‘l bo‘limlarida tuz-qum omborlarini ta’mirlash, zarur materiallar zaxirasini shakllantirish, ishchilarni maxsus qishki kiyim-bosh bilan ta’minlash hamda kuchaytirilgan navbatchilikni tashkil etish ishlari ham olib borilmoqda.
Qishda yo‘llarda muzlama va sirpanchiqlikning oldini olishda texnik tuz, qum va mayda chaqilgan tosh muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda 70 ming 900 tonna texnik tuz hamda 113 ming 200 kub metr qum zaxirasini shakllantirish rejalashtirilgan.
Belgilangan rejaga muvofiq, ushbu zaxiralarni joriy yilning 1-noyabriga qadar 100 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan. Yo‘llarni qish mavsumida saqlash va uzluksiz harakatni ta’minlash uchun jami 2 ming 140 ta yo‘l texnikasi ham mavsumga tayyorlanmoqda. Ularning orasida qor tozalash va qum sepishga ixtisoslashgan 423 ta mashina, 223 ta avtogreyder, 29 ta buldozer, 239 ta ekskavator va yuklagich, shuningdek, yuk tashish va maxsus ishlarga mo‘ljallangan 1 ming 226 ta avtomobil bor.
Qishda transport harakati uchun eng mas’uliyatli hududlardan biri — tog‘li dovonlar. Qor yog‘ishi, muzlama va ko‘rish masofasining qisqarishi bunday uchastkalarda harakatni qiyinlashtirishi mumkin. Shu bois A-373 “Toshkent — O‘sh” avtomobil yo‘lining Qamchiq dovoni, M-39 “Toshkent — Termiz” yo‘lining Surxondaryo viloyatidagi Oqrabod dovoni, Qashqadaryo viloyatidagi Chak-chak, Samarqand viloyatidagi Taxtaqoracha va Jizzax dovonlarida kuchaytirilgan navbatchilik tashkil etilmoqda. Shuningdek, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi D-006 “Toshkent — Chirchiq — Chimyon” hamda D-010 “Chorbog‘ suv ombori halqa yo‘li” avtomobil yo‘llarining xavfli uchastkalarida ham zarur choralar ko‘rilmoqda.
Ushbu hududlarda kunu tun ishlaydigan dispetcherlik aloqasini yo‘lga qo‘yish, yo‘l texnikalarini shay holatda saqlash va tezkor xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kuchaytirish nazarda tutilgan. Dovonlardagi xavfsizlikni ta’minlash uchun 15 ming 646 tonna texnik tuz, 93,2 tonna dizel yoqilg‘isi hamda 19 ming 858 kub metr qum va chaqilgan tosh aralashmasi zaxirasini yaratish belgilangan. Shuningdek, 162 ta yo‘l texnikasini mavsumga tayyorlash ishlari yakunlanmoqda.
Kuz-qish mavsumida yo‘llarning holati nafaqat maxsus xizmatlarning tayyorgarligiga, balki haydovchilarning mas’uliyatiga ham bog‘liq. Qishki shinalardan foydalanish, harakat tezligini ob-havo sharoitiga moslashtirish, oraliq masofani saqlash va yo‘l belgilariga qat’iy amal qilish xavfsizlikning muhim shartlari. Shu bois mamlakatimizda umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlari olib borilmoqda. Bu maqsadlar uchun 150 milliard so‘m yo‘naltirilib, minglab mutaxassis va maxsus texnikalar safarbar etilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA