Qatag‘on qurbonlari nafaqat o‘z davrining, balki bugungi kunimizning ham qahramonlaridir
Vatanning, tinch va osuda kunlarning, mustaqilligimizning qadriga yetish, uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash barchamizning burchimiz. O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktorining o‘rinbosari, atoqli olima, tarix fanlari doktori Dilnoza Jamolovaga bir necha savollar bilan murojaat qildik.
–Vaqt qanchalik shiddat bilan o‘tmasin, O‘zbekistonimizning mustaqilligi, ozodligini orzu qilgan, shu yo‘lda aziz umrini fido qilgan ajdodlarimizni unutishga sira haqqimiz yo‘q. Ayting-chi, qatag‘on qurbonlari haqida gapirishning bugungi avlod uchun ahamiyatli jihatlari nimada?
– Butun dunyo bo‘yicha qatag‘on degan atama faqat Rossiya imperiyasining mustamlakalariga nisbatan ishlatilsa kerak. Chunki bu kabi zo‘ravonlik, ommaviy jazolash va o‘ldirishlarni biror-bir mustamlakachi davlat bunchalik ko‘p va muntazam ravishda qo‘llamagani ma’lum. Nega imperiya 1865 – 1990-yillarda millatimiz oydinlarini tinimsiz qatag‘on qilib bordi? Chunki ona yurti mustaqilligini tiklash uchun kurashadiganlar, bosqinchilarning zo‘ravon siyosatiga qarshi chiqadiganlar ularga zaminimizda o‘z maqsadlarini amalga oshirishlariga to‘sqinlik qilardi.

O‘zbek xalqi 1865-1991-yillarda Rossiya imperiyasi mustamlakasi ostida bo‘lib, juda murakkab davrni boshidan o‘tkazdi, ko‘plab qurbonlar berdi. Milliy ozodlik, hurlik va erkinlik talab qilib chiqqan o‘zbek xalqining jasur va qo‘rqmas farzandlari turli yolg‘on ayblovlar va tuhmatlar bilan jismonan yo‘q qilindi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev har yili Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyini ziyorat qilar ekan, mutasaddilarga jadidlar faoliyatini, sovet hokimiyatining qatag‘onchilik siyosati mohiyatini o‘rganish kerakligini, ozodlik yo‘lida jonini fido qilgan ajdodlarimiz nomini abadiylashtirish lozimligini ta’kidlaydi.
Davlatimiz rahbarining 2022-yil 31-avgust kunidagi tashrifi chog‘ida o‘zbek xalqining qatag‘on qilingan farzandlari haqida “Bu yerga har gal kelib, e’tibor berishimiz bejiz emas. Mustaqillikka erishish oson bo‘lmagan. Istiqlolimizga 31 yil bo‘lgani bilan bobolarimiz 100 yillar oldin bunga harakat qilgan. 100 ming vatandoshimiz qatag‘onga uchrab, 13 ming nafari shafqatsiz otib tashlangan. Nima uchun? Ular eng katta qahramonlarimiz, millatning xazinasi bo‘lgan. 2-3 tadan til bilgan. Vatanimizni ozod qilib, taraqqiyotga olib chiqishini bilishgan. Bu yerda xuddi ularning ovozlari eshitilgandek bo‘ladi”, deyishi bejiz emas, albatta.
Shuning uchun ham o‘z erki va ozodligi uchun kurashgan bobolarimizning vatanparvarligi, millatparvarligidan ibrat olishimiz uchun ham qatag‘on siyosatining mazmun-mohiyatini chuqur bilishimiz, uning dahshatlaridan saboq chiqarishimiz, mustaqilligimizni ko‘z qorachig‘imizdek asrashimiz kerak.
– Tarix institutida bu yo‘nalishda olib borilayotgan eng asosiy tadqiqotlar sifatida qaysi izlanishlarni sanab o‘tgan bo‘lar edingiz?
– Hozirda sovet hokimiyatining O‘zbekiston SSRda yuritgan qatag‘on siyosati tarixining mazmun-mohiyatini ochib berish borasida tarixchi, adabiyotshunos olimlar tomonidan tadqiqotlar amalga oshirilmoqda, asarlar yozilmoqda. 2022-yil yaratilgan va chop etilgan, 2025-yil qayta nashr qilingan yirik tarixiy tadqiqotlardan biri, shubhasiz tarixchi olim, professor Qahramon Rajabov tomonidan tayyorlangan “O‘zbekiston SSRda sovet rejimining qatag‘on siyosati va uning oqibatlari (1917-1991 y.)” kitobidir.
Kitobda Turkiston mintaqasida bolsheviklar tomonidan sovet hokimiyatining majburan o‘rnatilishi va uning o‘ziga xos jihatlari, Turkiston Muxtoriyati hukumatining sovet davlati tomonidan zo‘ravonlik bilan tugatilishi hamda Qo‘qon qirg‘ini, 1918-yil fevraldagi Qo‘qon (Turkiston)dagi genotsid va qirg‘inlar, kommunistik mafkura hamda sovet davlatining totalitar xususiyati va mohiyati, Xiva xonligi va Buxoro amirligining qizil armiya tomonidan bosib olinishi hamda XXSR va BXSRda ulamo va boylarning qatag‘on qilinishi masalalari, O‘zbekiston SSRda siyosiy tazyiq va qatag‘onlarning boshlanishi, Buxoroda Choriqulboy va boshqa mulkdorlarning qatag‘on etilishi, O‘zbekiston SSRda 1929-yil martida Hamzaning o‘ldirilishi, “Buyuk burilish yili” va undan keyin O‘zbekiston SSRda siyosiy qatag‘onlarning avj olishi (Munavvarqori boshchiligidagi milliy ittihodchilik va мiллiy istiqlolchilik ishi, qosimovchilik, badriddinovchilik, narkompros ishi, botir gapchilar va b.), O‘zbekistonda kollektivlashtirish va quloqlashtirish siyosati hamda o‘zbek qishlog‘ining fojiasi, O‘zbekiston SSRda kadrlarni mahalliylashtirish va o‘zbeklashtirish choralari hamda siyosiy elitaning nobud qilinishi, O‘zbekiston SSRdagi katta terror: sabab va oqibatlari (1937-1938), Фаyзулла Xo‘jayev hamda aslzoda xonadon vakillarining mahv etilishi, Musulmon ulamolari va qo‘rboshilarning qatag‘on qilinishi (Nosirxon To‘ra, Ibrohimbek qo‘rboshi, Musduxovenstvo ishi), BXSR sobiq rahbarlarining 1937-yilda otib tashlanishi yoxud o‘n yettilar ishi bilan bog‘liq жiҳатлар, SSSRning agressiv tashqi siyosati (1939-1941 y.) hamda Ikkinchi jahon urushi davrida sovet davlatining jazo choralari, yangicha mafkuraviy kompaniyalar hamda yozuvchi va olimlarning qatag‘on qilinishi (XX asr 40-yillari oxiri va 50-yillari boshlari) hamda qatag‘onlarning so‘nggi to‘lqini hamda paxta ishi va uning oqibatlari (1983-1991) haqida ma’lumot berilgan.

Kitob 1917 – 1991-yillarda sovet hokimiyati amalga oshirgan qatag‘on siyosati tarixi bo‘yicha so‘nggi yillarda yaratilgan eng yirik tadqiqot bo‘lib hisoblanadi. Bu qatag‘onlar tarixi to‘liq o‘rganib bo‘lindi, degani emas, albatta. Rossiya imperiyasi tomonidan 150 yil davomida amalga oshirilgan qatag‘onlar, genotsidlar, ta’qiblar bo‘yicha o‘nlab jildlik asarlar yozish mumkin. Buning uchun esa arxiv jamg‘armalari, kutubxonalarda yillab tadqiqotlar olib borish, arab imlosini o‘qiy olish, rus tilidagi hujjatlarni tahlil qilish bilimi, ko‘nikmasi va tajribasiga ega bo‘lish kerak.
– Qatag‘on qurbonlarini ehtimolki, o‘z davrining qahramonlari deb atasak, mubolag‘a bo‘lmas. Ular faoliyatiga, hayotiga oid kitoblar, filmlar, spektakllar ko‘plab yaratilmoqda. Bu borada tarixchi olima sifatida fikrlaringiz ko‘pchilik uchun juda qiziq.
– Qatag‘on qurbonlari nafaqat o‘z davrining, balki bugungi kunimizning ham qahramonlaridir. Ularning hayoti va faoliyati haqida tadqiqotlar olib borish, kitoblar yozish tarixchilar, adabiyotshunoslar, faylasuflar, huquqshunoslar oldida turgan asosiy vazifa bo‘lsa, filmlar va spektakllar yaratish kinochilarimizning, san’atkorlarimizning burchi, deb hisoblayman.
Bir narsani ta’kidlashim kerak, o‘tgan o‘n yil ichida hukumatimiz tomonidan qatag‘on qurbonlari tarixini o‘rganish, ularning ibratli hayot yo‘lini targ‘ib qilish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Farmonlar, qarorlar va farmoyishlar qabul qilindi. Ularning ijrosini ta’minlash maqsadida umummilliy va ellararo yig‘inlar o‘tkazilib, kitoblar chop qilinganidan tashqari muzeylar tashkil qilish, badiiy, badiiy-publitsistik, hujjatli filmlar yaratish, spektakllar sahnalashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy, Ishoqxon Ibrat, Аbдулла Qodiriy va boshqa taraqqiyparvarlarimiz muzeylarining tashkil qilinishi, ular haqida badiiy va hujjatli filmlarning яраtiliшi, spektakllar namoyish qilinishi fikrimning dalilidir. Bugun ham jarayonlar to‘xtagan emas, yaqin vaqt ichida xalqimiz Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdurauf Fitrat hamda Ubaydulla Xo‘jayevlar hayoti va ularning jadidchilik milliy harakati tarixida tutgan o‘rni haqida badiiy-publitsistik filmlarni ko‘rish, xulosa chiqarish va saboq olish imkoniyatiga, shuningdek, olimlarimiz tomonidan yozilgan yangi risolalar, asarlarni o‘qish baxtiga muyassar bo‘ladi.
O‘zA muxbiri
Nazokat Usmonova
suhbatlashdi.