Qashqadaryolik madaniyat va san’at namoyandalari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi
Qashqadaryo viloyati hokimligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Madaniyat, san’at va adabiyot sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni ijrosiga bag‘ishlangan tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat faollari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ijod ahli, nuroniylar, yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda madaniyat, san’at va adabiyot sohasi xodimlarining mehnati munosib qadrlanayotgani, milliy ma’naviyatni yuksaltirish, boy madaniy merosimizni asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga yetkazish borasidagi xizmatlariga yuksak baho berilayotgani ta’kidlandi.
Prezident farmoniga muvofiq davlat mukofotlari bilan taqdirlanganlar orasida Qashqadaryo viloyatining bir qator fidoyi ijodkor va soha vakillari ham borligi voha ahli uchun katta mamnuniyat bo‘ldi. Marosimda Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov mukofot sohiblarini tabriklab, davlat mukofotlarini tantanali ravishda topshirdi.
Viloyat rahbari mamlakatimizda ijod ahlini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat taraqqiyoti va ma’naviy hayotdagi o‘rnini mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini qayd etdi. Farmonga muvofiq, “Do‘stlik” ordeni bilan Nishon tumani madaniyat bo‘limi baxshichilik to‘garagi rahbari Muradilla Aliqulov, Qashqadaryo viloyati ko‘zi ojizlar kutubxonasi direktori Ostanaqul Komilov, publitsist Bo‘ritosh Nosirova hamda Kasbi tumani madaniyat bo‘limiga qarashli “Kulol shodasi” folklor-etnografik xalq ansambli badiiy rahbari Mohira Ergashova taqdirlandi.
[gallery-29697]
“Shuhrat” medali bilan Qashqadaryo viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi direktori Bahodir Mamadiyev, kashtachilik san’ati namoyondasi Gulnora Odilova hamda Shahrisabz mintaqaviy restavratsiya markazi direktori Ilhomiddin Yusupov mukofotlandi. Shuningdek, mamlakatimiz madaniyati va san’ati rivojiga munosib hissa qo‘shgan marhum san’atkorlar ham yuksak e’tirof etildi. Xususan, O‘zbekiston xalq hofizi O‘lmas Saidjonov “Mehnat shuhrati” ordeni, taniqli estrada xonandasi Davron G‘oipov esa “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi. Mukofot sohiblari ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va e’tirof uchun davlat rahbariga minnatdorlik bildirib, bu ishonch ularni yanada samarali ijod va mehnat qilishga ruhlantirishini ta’kidladi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA