Buxorolik ijodkorlarga yuksak e’tirof
Mamlakatimizda madaniyat, san’at va adabiyot sohasi vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni va xizmatlarini munosib qadrlash ezgu an’anaga aylanmoqda.
Ayniqsa, Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, milliy ma’naviyatni yuksaltirish va boy madaniy merosimizni asrab-avaylash yo‘lida xizmat qilayotgan ijod ahliga davlatimiz tomonidan yuksak e’tibor qaratilayotgani barchaga mamnuniyat bag‘ishlamoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga muvofiq, o‘zining ko‘p yillik samarali ilmiy-ijodiy faoliyati, yorqin va betakror iste’dodi bilan xalqimizning madaniy, badiiy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, milliy ma’naviyatimizni boyitish, mamlakatimizda madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini rivojlantirish, asriy an’analarimiz va boy merosimizni asrab-avaylash hamda Yangi O‘zbekistonni xalqaro maydonda munosib targ‘ib etishga qo‘shgan munosib hissasi uchun bir guruh soha fidoyilari faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlandi.
Quvonarlisi, mukofotlanganlar orasida buxorolik 5 nafar ijodkor ham bor. Ularga davlat mukofotlari Buxoro viloyati hokimligida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan viloyat hokimi Botir Zaripov tomonidan topshirildi. Tadbirda ta’kidlanganidek, keyingi yillarda yurtimizda madaniyat va san’at ahlini qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodiy faoliyati uchun munosib shart-sharoitlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Bu esa milliy madaniyatimizning yanada yuksalishi, yosh iste’dodlarning kamol topishi va ma’naviy muhitning mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda. Tantanali marosimda ishtirok etgan O‘zbekiston davlat filarmoniyasining Buxoro viloyati bo‘linmasi direktori, “Shuhrat” medali sohibi ushbu e’tirof yurtimizda ijod ahliga bo‘lgan yuksak ehtiromning yana bir amaliy namunasi ekanini ta’kidladi.
— Davlatimiz rahbari tomonidan madaniyat va san’at sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor biz, ijodkorlarga katta kuch va ilhom bag‘ishlaydi. Bu mukofotlar nafaqat bir insonning mehnati, balki milliy madaniyatimizni rivojlantirish yo‘lida xizmat qilayotgan barcha soha vakillariga berilgan yuksak bahodir. Biz bundan keyin ham xalqimizga ma’naviy ozuqa berish, milliy san’atimizni dunyoga keng targ‘ib etish yo‘lida sidqidildan mehnat qilaveramiz, — deydi Rauf Avezov.
[gallery-29691]
Mukofotlanganlar Prezidentimiz tomonidan bildirilgan yuksak ishonch va e’tibor uchun samimiy minnatdorlik izhor etdi. Ular Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti, milliy madaniyat va ma’naviyat ravnaqi yo‘lida o‘z ijodi va fidokorona mehnati bilan munosib hissa qo‘shishda davom etishlarini ta’kidladi. Bunday yuksak e’tiroflar, shubhasiz, ijod ahlini yangi marralar sari ruhlantirib, milliy madaniyatimiz va san’atimizning yanada taraqqiy etishiga mustahkam zamin yaratadi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA