Qashqadaryoda “Media haftalik” muvaffaqiyatli yakunlandi
Qashqadaryo viloyatida jurnalistika va axborot sohasi xodimlari uchun tashkil etilgan “Media haftalik” tadbirlari ko‘tarinki ruhda yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tashabbusi bilan Yoshlar ishlari agentligi va Qashqadaryo viloyati hokimligi hamkorligida o‘tkazilgan mazkur loyiha sohada faoliyat yuritayotganlar uchun muhim tajriba maydoni bo‘ldi.
Haftalikning tantanali yopilish marosimi Qarshi davlat universiteti Yoshlar markazida bo‘lib o‘tdi.
Besh kun davom etgan mashg‘ulotlarda viloyatda faoliyat yuritayotgan jurnalist va blogerlar, axborot xizmati rahbarlari malakali ekspertlar tomonidan o‘tkazilgan zamonaviy media olamining dolzarb yo‘nalishlari, amaliy bilimlar va tajriba almashuviga boy seminar-treninglarda ishtirok etdi.
[gallery-28975]
– Treninglarda ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, ayniqsa, bosma nashrlar sifatini oshirish, yangi ishlash tizimiga o‘tish bo‘yicha muhim yo‘nalishlar muhokama qilindi, – deydi Qashqadaryo viloyat Jurnalistlar uyushmasi raisi Akbar Rahmonov. – Bugun nafaqat viloyatlarda, balki respublikada ham gazetalarning ahvoli maqtagulik emas. Haftalik davomida bugungi davrga moslashish, ijtimoiy tarmoqlarda elektron sahifalar ochish orqali faoliyatni jonlantirish va xalqaro tajribalarni o‘zlashtirish bo‘yicha qiziqarli ma’lumotlar berildi.
Sohada katta tajribaga ega mutaxassislar ham mazkur loyihani yuqori baholadi.
– 57 yil shu sohada faoliyat yuritgan bo‘lsam, hali OAVga bunchalik katta e’tibor berilganini ko‘rmagandim, – deydi “Adolat kuchi” gazetasi bosh muharriri Norbo‘ta G‘oziyev. – Bu mamlakatimizdagi ochiqlik siyosati, davlatimiz rahbarining jurnalist va blogerlarga bo‘lgan e’tibori samarasidir. Mahorat darslaridan men o‘zim uchun kerakli bo‘lgan ma’lumotlarga ega bo‘ldim.
Haftalik davomida erishilgan natijalar bo‘yicha taqdimotlar va madaniy chiqishlar ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
– Bu loyiha biz uchun shunchaki o‘quv mashg‘ulotlari emas, balki bilimlarimizni oshirish, tajriba almashish va kasbiy dunyoqarashimizni kengaytirishga xizmat qilgan muhim haftalik bo‘ldi, – deydi “Xalq so‘zi” gazetasi muxbiri Jahongir Boymurodov. – Ma’lumotlarni olish, qayta ishlash, uzatish va vizuallashtirish, sohada qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar hamda dasturlar haqida yangi bilimlarga ega bo‘ldik.
Tadbir yakunida barcha ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari