Qashqadaryoda ehtiyojmand fuqarolarga daromad manbai yaratishga ko‘maklashilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj, mehnat qilish va o‘zini o‘zi band qilish istagida bo‘lgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Xususan, Qashqadaryo viloyat hokimligi hamda “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi hamkorligida ehtiyojmand fuqarolar uchun daromad manbai yaratish, ularning bandligini ta’minlash va tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida zarur mehnat qurollari va asbob-uskunalar olib berildi.

E’tiborlisi, ko‘mak ko‘rsatishda har bir fuqaroning kasb-hunari, qiziqishi va mavjud imkoniyatlari inobatga olindi. Shu asosda ularga o‘z mehnat faoliyatini boshlash yoki mavjud ishini kengaytirish uchun zarur jihozlar topshirildi.

Bunday yondashuvning ahamiyati shundaki, fuqaroga bir martalik yordam ko‘rsatish bilan cheklanilmay, uning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun sharoit yaratilmoqda. Bu esa oila farovonligini oshirish bilan birga, insonning mehnat qilib, o‘z imkoniyatlari asosida daromad topishiga zamin yaratadi.

Amalga oshirilayotgan ishlar orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining bandligini ta’minlash, oilalar daromadini ko‘paytirish va mahallalarda kambag‘allikni qisqartirishga e’tibor qaratilmoqda.
Ayniqsa, o‘z kasbiga ega, ammo uni rivojlantirish uchun zarur jihozlari yetishmaydigan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash ularning iqtisodiy faolligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida amalga oshirilayotgan bunday ezgu tashabbuslar aholiga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasi bo‘lib, insonlarning o‘z mehnati orqali munosib daromad topishi va farovon hayot kechirishi uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
O‘lmas Barotov,
O‘zA muxbiri