Qalblarda manguga muhrlanganlar
Har bir millat va elatning o‘z tarixi bor. Tarix zamirida esa, milliy o‘zlikni anglash, qadriyatlarga hurmat, ajdodlar xotirasiga ehtirom tuyg‘usi mujassam.
XX asr boshlarida Turkiston zamining ilg‘or vakillari istiqlol, erk va milliy-ozodlik uchun kurash olib bordi. Turli manbalarda ta’kidlanishicha, bu kurashda 1 million 900 ming nafar turkistonliklar Vatandan bosh olib, xorijiy mamlakatlarga chiqib ketdi. 1 million 700 ming yurtdoshimiz Sibir, Uzoq Shimol, Ukraina, Shimoliy Kavkaz, Ural, Qozog‘iston, Uzoq Sharq, Kavkaz, Volgabo‘yi rayonlariga badarg‘a qilindi.
– Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan dastlabki yillardan boshlab, ayniqsa, keyingi o‘n yil ichida tarixiy haqiqatni qaror toptirish, xususan, Vatanimiz ozodligi yo‘lida qurbon bo‘lgan xalqimizning suyukli farzandlari nomini tiklash, ularning hayoti va faoliyatini o‘rganish va targ‘ib etishga qaratilgan ishlar amalga oshirildi, – deydi Andijon davlat universiteti tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi direktori, tarix fanlari doktori, professor Rustambek Shamsutdinov. – Bu borada poytaxtimiz Toshkentda hamda viloyatlarda tashkil etilgan Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeylari tomonidan e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi va hududlardagi oliy ta’lim muassasalari tuzilmasida Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeylarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, Bobur nomidagi Andijon davlat universiteti tuzilmasida Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi tashkil etilib, 2018-yil 15-avgustdan o‘z faoliyatini boshladi.
Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi uchun universitet yangi o‘quv binosining birinchi qavatidan joy ajratildi. Ayni kunda muzeyning umumiy maydoni 741,8 kvadrat-metr bo‘lib, katta zal, 9 bo‘limdan iborat ekspozitsiya zallari mavjud. Muzey fondi va zallaridan 30 ta portret, 15 ta banner, 9 ta xarita, 1 ming 200 dona tarixiy rasm, 2 ming 698 ta matnli ma’lumotlar, 359 ta gazeta, 562 ta arxiv hujjatlari, 1 ming 560 ta mavzuga oid kitoblar, 42 ta tarixiy buyum, 18 ta stend, 110 ta jurnal, jami 6 ming 598 ta eksponat o‘rin egallagan.
O‘tgan yillar davomida muzey mutaxassislari tomonidan yurtimiz va xorijiy davlatlar arxivlarida saqlanayotgan qatag‘on qurbonlari hayoti va faoliyati bilan bog‘liq bir mingdan ziyod hujjatlar o‘rganildi. O‘rganishlar natijasida 200 dan ortiq maqola, 100 ga yaqin kitoblar nashr etildi, ko‘plab seminar va anjumanlar o‘tkazildi.
[gallery-29254]
Professor Rustambek Shamsutdinov rahbarligida bir guruh olimlar, tadqiqotchilar 2021-yilda “Akademnashr” nashriyotida ikki tomlik “Qatag‘on qurbonlari xotira kitobi. Andijon viloyati (1865-1991-yillar)” kitobi nashr etildi. Mazkur kitob 2025-yilda to‘ldirishlar qilingan holda qayta chop etildi.
Ushbu kitobdan 1860-1916-yillarda xalq qo‘zg‘olonlarida qatnashganligi uchun jazolangan 1 ming 285 nafar, 1917-1924-yillarda sovet hokimiyatiga qarshi kurashgan 93 nafar, 1926-1936-yillarda turli siyosiy ayblovlar qurboni bo‘lgan 871 nafar, 1937-1938-yillardagi “katta qirg‘in” qurboni bo‘lgan 2 ming 33 nafar, 1940-1950-yillarda qatag‘on qilingan va “Paxta ishi” qurboni bo‘lgan 121 nafar, jami 4 ming 403 nafar inson haqidagi ma’lumotlar o‘rin olgan.
Birgina o‘tgan 2025 йiл “O‘rta Osiyoda jadidchilik harakati tarixi” mavzusida ilmiy-tadqiqot amalga oshirildi. Ana shu ilmiy-tadqiqot natijasida “Akademnashr” nashriyotida R.Shamsutdinov, A.Mahkamov, N.Akbarova muallifligida “O‘rta Osiyodagi jadidchilik harakati tarixidan” nomli kitob chop etildi. Unda qatag‘on etilgan 35 nafar jadidlarning hayoti, taqdiri haqida birlamchi manbalar asosida ma’lumotlar keltirilgan.
Bundan tashqari, “O‘rta Osiyodagi jadidchilik harakati qurbonlari tarixidan” (ikkinchi kitob), “Millat fidoiylari”, “O‘zbekiston tarixi” nomli nashr etilgan yangi kitoblar ham muzey jamoasining samarali mehnatlari mahsulidir.
Qatag‘on qurbonlari va jadidlarning viloyat, tuman va shaharlar kesimida nomma-nom aniqlash, ularning hayoti, faoliyati, tarixiy xizmatlari haqidagi ma’lumotlarni, arxiv va muzeylarda saqlanayotgan hujjatlarni to‘plash, o‘rganish maqsadida olim va mutaxassislar iborat guruhlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Milliy arxivida saqlanayotgan birlamchi arxiv hujjat va materiallar asosida 50 nafardan ortiq qatag‘on qurbonlari aniqlandi, ular haqidagi to‘plangan ma’lumotlar muzey fondiga joylashtirildi.
O‘tgan yili muzeyga Qirg‘iziston Respublikasi Madaniyat, axborot va yoshlar siyosati vazirligi huzuridagi “Ata-Beyit” milliy tarixiy-memorial majmuasi vakillari tashrif buyurdi. Tashrif jarayonida tarixiy haqiqatni tiklash, qatag‘onlar hayoti va faoliyatini o‘rganish, tadqiq etish bo‘yicha hamkorlik kelishuvi tuzildi. Umuman, muzey nafaqat respublikamiz, balki xorijiy davlatlardagi o‘nlab muzey, ilmiy-tadqiqot markazlari bilan ham hamkorlik qilib keladi.
Muzey xodimlari tashabbusi bilan Andijon davlat universitetida qatag‘on qurboni bo‘lgan aka-uka Hasanxon va Xusanxon Niyoziyning xotirasiga bag‘ishlab “O‘chmas chiroqlar” deb nomlangan respublika ilmiy-ma’rifiy anjumani o‘tkazildi.
Muzeyning turli bo‘lim va zallariga Rossiya imperiyasi bosqini va mustamlakachilik istibdodiga qarshi kurash mavzusiga, shuningdek, Abdulhamid Cho‘lpon, Mirkomilboyning hayoti va faoliyatiga doir yangi ma’lumotlar, qatag‘on qurboni bo‘lgan ayollarga bag‘ishlangan “ALJIR lageri”, Inomjon Xidiraliyev va Bokudagi Sharq xalqlarining birinchi s’ezdi mavzulari hamda “GULAG” lageridagi mahbuslar hayoti va faoliyatiga oid yangi stendlar o‘rnatildi.
Olib borilayotgan ishlar samarasi o‘laroq, muzeyga tashrif buyuruvchilar soni ham yildan-yilga ortib bormoqda. 2024-yilda muzeyga 8 ming nafardan ziyod kishi tashrif buyurgan bo‘lsa, o‘tgan 2025-yilda ularning soni 10,5 ming nafardan ortdi. Tashrif buyuruvchilarning asosiy qismini yoshlar tashkil etdi.
– Tengdoshlarim bilan Qatag‘on qurbonlari xotira muzeyiga kelib, bu yerdagi eksponatlar, qatag‘on qilingan ko‘plab ziyoli insonlar haqidagi ma’lumotlar bilan tanishdik, – deydi Andijon davlat pedagogika instituti boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi 1-bosqich talabasi Barnoxon Odilova. – Muzeydagi ma’lumotlar bilan tanishib, yurtimiz erki, ozodligi, xalqimizni ilm-ma’rifatli qilish yo‘lida jon fido qilgan ajdodlarimiz borligidan qalbimdan iftixor tuydim. Ularning hayot yo‘li biz yoshlar uchun ibrat maktabidir.
Bu yorug‘ va dorilamon kunlarni barpo etish yo‘lida qurbon bo‘lganlar ruhini shod etish, tinch-osoyishta zamonning qadriga yetish, shukronalik tuyg‘ularini his etish bizga kuch-quvvat bag‘ishlaydi, ruhiyatimizni poklaydi. Zero, millat birligi, ozodligi uchun kurashgan insonlar xotirasi hech qachon unutilmaydi, xalqimiz qalbida mangu yashaydi.
Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.