El dardini o‘z dardi deb bilgan shoir
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti hamkorligida Muhammad Yusuf tavalludining 72 yilligi munosabati bilan ijodiy asarlar ko‘rgazmasi hamda adabiy-ma’rifiy kecha o‘tkazildi.
Ma’rifiy tadbirda e’tirof etilganidek, Muhammad Yusuf she’riyati sodda va samimiyligi, ravon va lo‘ndaligi, xalqning orzu-armonlarini o‘zida ifodalagani bilan diqqatga sazovor. Shu sababli ustoz ijodkorning she’rlari adabiyotning millionlab muxlislari qalbidan o‘rin olgan. Ayni paytda shoirning ko‘plab she’rlari hamyurtlarimiz qalbidan o‘rin olgan go‘zal qo‘shiqlarga aylangan.
Muhammad Yusuf she’riyatining betakrorligi, eng avvalo, uning xalqchilligi, soddaligi va samimiyatida namoyon bo‘ladi. U murakkab falsafiy tushunchalarni emas, balki oddiy odamlarning dilidagi gaplarni hamma tushunadigan tilda ifodalay olgan.
[gallery-29247]
Shoir ijodidagi o‘ziga xos jihatlar uning ona tilimizga bo‘lgan ehtiromida, vatanparvarlikning yangicha, juda samimiy va ravon, lo‘nda ifodasida, ayol zotiga yuksak ehtiromida, dard va samimiyatda yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Tadbir davomida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti ijodkorlari tomonidan yaratilgan shoir hayoti va ijodi aks etgan ijodiy asarlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Shuningdek, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti ijodiy jamoasi tomonidan shoir hayoti va ijodiga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishlari, uning she’rlaridan namunalar hamda kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
Ma’rifiy tadbirda eng yaxshi ijod namunalarining mualliflari bir necha ijodiy yo‘nalishlar bo‘yicha taqdirlandi.
Tadbir doirasida ustoz fotoijodkor Abdug‘ani Jumayevning shoir ijodiga bag‘ishlangan ko‘rgazmasi ham o‘tkazildi.
N.Usmonova, S.O‘rmonov (surat), O‘zA