Qalbaki yog‘ ishlab chiqargan yashirin sex fosh etildi
Oziq-ovqat xavfsizligi — inson salomatligi va millat genofondini muhofaza qilishning eng muhim omillaridan biridir. Afsuski, tezroq daromad orttirish ilinjida ayrim shaxslar odamlar hayoti va sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yishdan ham tap tortmayapti. Buxoro viloyatida aniqlangan navbatdagi holat ham ana shunday noqonuniy faoliyatning ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini yana bir bor ko‘rsatdi.
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma’lum qilishicha, Departamentning Kogon tumani bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida iste’molga yaroqsiz yog‘ ishlab chiqarayotgan yashirin sex faoliyatiga chek qo‘yildi.
Aniqlanishicha, “E.” fermer xo‘jaligi rahbari E.Yo. Kogon tumanidagi “Xo‘ja Yakshanba” mahallasi hududida joylashgan fermer xo‘jaligiga tegishli binoda qo‘lbola usulda yasalgan moy juvoz uskunalaridan foydalanib, sanitariya va xavfsizlik talablariga mutlaqo javob bermaydigan sharoitda iste’molga yaroqsiz yog‘ ishlab chiqarib kelgan.
Tekshiruv jarayonida mazkur noqonuniy ishlab chiqarish sexidan 102 kilogramm iste’molga yaroqsiz yog‘, 351 kilogramm chigit, 26,9 tonna paxta, 2 dona moy juvoz uskunasi hamda ishlab chiqarishda foydalanilgan boshqa mahsulot va jihozlar ashyoviy dalil sifatida rasmiy tartibda olib qo‘yildi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, nazoratsiz va antisanitar sharoitda tayyorlangan oziq-ovqat mahsulotlari inson salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirishi, turli zaharlanishlar hamda og‘ir kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu bois, bunday noqonuniy faoliyatlarga qarshi keskin choralar ko‘rilishi aholi salomatligini muhofaza qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 186-2-moddasi — chigitdan olinadigan mahsulotni qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.
Inson salomatligi evaziga boylik orttirishga urinish hech qachon oqlanmaydi. Oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid soluvchi bunday noqonuniy faoliyatlarning o‘z vaqtida fosh etilishi nafaqat qonun ustuvorligini ta’minlaydi, balki yuzlab insonlarning hayoti va sog‘lig‘ini ehtimoliy xavfdan asrab qolishga xizmat qiladi. Bu kabi holatlar esa har bir ishlab chiqaruvchi uchun qonun va mas’uliyat talablariga qat’iy amal qilish zarurligini yana bir bor eslatadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri