Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida qonunchilik buzilishi xavfini avtomatlashtirilgan tarzda baholash mexanizmi joriy etiladi
Adliya vazirligi tashabbusi bilan Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida qonunchilik buzilishi xavfini avtomatlashtirilgan tarzda baholash mexanizmi joriy etilmoqda. Xo‘sh, nimalar o‘zgaradi?
2026-yil 24-iyulda qabul qilingan qonunga ko‘ra, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida qonunchilik buzilishi xavfini avtomatlashtirilgan tarzda baholash mexanizmi joriy etiladi.
Xavf darajasini aniqlashda davlat organlari axborot tizimlari, statistik ma’lumotlar, murojaatlar, OAV va boshqa qonuniy manbalardan olingan ma’lumotlardan foydalaniladi.
Xavf tahlili jarayonida tadbirkorlik sub’ektlaridan qo‘shimcha hujjat va ma’lumotlar talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Xavf darajasini baholashda tadbirkorlik sub’ektlari 5 ta yo‘nalishdagi (aerodromlar va yer usti qurilmalari; havo kemalarining uchishga yaroqliligi, havo kemasi ekspuluatantlarining parvozlarini amalga oshirish, uchuvchisiz uchish apparatlari ekspuluatantlarining parvozlarini amalga oshirish, qidiruv va avariya-qutqaruv xizmatini amalga oshirish) mezonlar asosida amalga oshiriladi.
Huquqbuzarlik xavfi darajasi yuqori, o‘rta va past toifalarga ajratiladi. Yuqori va o‘rta xavf toifasiga kiruvchi sub’ektlarda profilaktika tadbirlari hamda tekshiruvlar qonunchilik asosida tashkil etiladi.
Past xavf toifasiga kiruvchi tadbirkorlik sub’ektlarida tekshiruvlar o‘tkazilmaydi. Elektron tizimda aniqlangan xavf darajasi tadbirkorlik sub’ektiga nisbatan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir choralari qo‘llash uchun asos hisoblanmaydi.
Sherbek Islomov,
O‘zA