Qahramonlar xotirasiga ehtirom
9-may – Xotira va qadrlash kuni
Xotira va qadrlash kuni o‘zining teran ma’no-mohiyati bilan barchamizni bugungi tinch va osoyishta hayotimizni qadrlab, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida yanada shijoat bilan mehnat qilishga undaydi. Shu bilan birga, bu kun el-yurti uchun kerak bo‘lsa jonini tikkan aziz va mo‘’tabar insonlar shijoatidan kuch va ibrat olishga da’vat etadigan shukuhli sanadir.

Bu yil ham Prezidentimizning mazkur sanani keng nishonlash maqsadida qabul qilgan qarorlariga muvofiq, viloyatimizda ham “Burch, jasorat, matonat!” shiori ostida yuksak insonparvar g‘oyalarni o‘zida mujassam etgan, keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy tadbir va marosimlar bo‘lib o‘tmoqda.
Shu munosabat bilan Zoyir Mirzayev boshchiligidagi viloyat jamoatchiligi, huquq-tartibot idoralari, davlat va jamoat tashkilotlari, oliy o‘quv yurtlari jamoalari, nuroniylar va yoshlar Nurafshon shahrida “Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasiga alvon gulchambarlar qo‘yib, azizlar xotirasiga avlodlar ehtiromini ifoda etdi.

Darhaqiqat, Ikkinchi jahon urushi yillarida fashizmga qarshi kurashlarda qurbon bo‘lgan ota-bobolarimiz, istiqlol davrida Vatanimiz mustaqilligi himoyasi yo‘lida jon fido etgan mard o‘g‘lonlar xotirasini yod etish, bugungi kunda oramizda sog‘-salomat yashab kelayotgan urush va mehnat faxriylariga, jonkuyar vatandoshlarimizga hurmat-ehtirom ko‘rsatish eng oliy insoniy qadriyatlardan biridir. Ularning shonli umr yo‘li, mehnat faoliyati xalqimizning bebaho ma’naviy boyligiga aylanib, yosh avlodimizni vatanparvar insonlar etib kamol toptirishda jasorat va matonat maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Muazzam maydon uzra faxriy qorovul saf tortdi. Harbiy orkestr ijrosida davlat madhiyasi yangradi.

Aslida besh o‘g‘lini urushga bergan, sadoqatli kelinlari bilan janglardan qaytmagan farzandlari yodi va sog‘inchi bilan yashab o‘tgan munis o‘zbek onasi – Zulfiya aya Zokirova va uning vafodor kelinlari siymosi aks etgan “Matonat madhiyasi” obidasining Toshkent viloyati markazida bunyod etilishida teran ma’no bor. Bu obida el-yurtimizning mash’um Ikkinchi Jahon urushi yillarida ko‘rsatgan mardligi va qahramonligining yorqin timsoli bo‘lib, shahrimiz ahli va mehmonlari, ayniqsa, yoshlar uchun tabarruk manzilga aylandi.
Ikkinchi Jahon urushining og‘ir musibat va jarohatlari hali-hanuz tinchliksevar xalqimiz xotirasidan o‘chgani yo‘q. Xususan, o‘sha yillar viloyatdan 200 mingdan ziyod mard yigitlar qo‘liga qurol olib, tinchlik uchun jangga kirdi. Ularning 40 ming nafarga yaqini jang maydonlarida qurbon bo‘ldi.

Prezidentimiz topshiriqlariga muvofiq, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front orti mehnat faxriylari, shuningdek, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordamlar ko‘rsatildi. Barcha joylarda, mehnat jamoalarida mehnat faxriylarini yo‘qlash, ularga keng ko‘lamda g‘amxo‘rlik qilish, salomatliklarini tiklashga katta e’tibor qaratilayotgani mamlakatimizda keksa avlod vakillariga bo‘lgan yuksak hurmat va e’tiborning yorqin ifodasi bo‘ldi.
Bayram kunlarida viloyat hokimi boshchiligidagi faollar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, navqiron yoshlar viloyatimizda umrguzaronlik qilayotgan urush qatnashchilari va front orti qahramonlari, muhtaram faxriylar xonadonlarida bo‘lib, ularga Yurtboshimiz nomidan pul mukofotlari va sovg‘a-salomlar tantanali vaziyatda topshirildi.

Mazkur majmuada jam bo‘lgan nuroniylar qo‘llarini duoga ochib, yurtimizdagi tinchlik va barqarorlikka ko‘z tegmasin deb, duolar qildi. “Matonat madhiyasi” majmuasiga gul qo‘yish marosimidan so‘ng muhtaram faxriylar va faollar uchun bayram dasturxoni yozildi.
A.Musayev, O‘zA