Qabul imtihonlari o‘tkazildi
Iqtidorli yoshlarni saralab olish, ularning intellektual salohiyatini xolis baholash va zamonaviy ta’limga keng yo‘l ochish bugun mamlakatimiz ta’lim siyosatida ustuvor vazifalardan biriga aylangan. Sirdaryo viloyatida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Guliston filialiga 2026–2027 o‘quv yili uchun o‘quvchilarni qabul qilish bo‘yicha test sinovlari ana shu tamoyillar asosida tashkil etildi.
Respublika bo‘ylab bir vaqtning o‘zida o‘tkazilgan qabul jarayonlari Sirdaryo viloyatida ham yuqori saviyada o‘tdi. Nomzodlar matematika va ingliz tili fanlaridan bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. Imtihonlar Bilim va malakalarni baholash agentligining viloyat hududiy bo‘limi, Guliston olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazining yakka kurashlar zali, Gimnastika sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabi hamda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Guliston filiali binolarida tashkil etildi.
Joriy yilgi qabulda 3633 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. Ular uchun xavfsizlik, tartib-intizom va xolis baholash talablari to‘liq ta’minlandi. Barcha auditoriyalar zarur texnik vositalar bilan jihozlanib, har bir nomzodga teng imkoniyat yaratildi. Bu esa bilim va iqtidorni har qanday omildan ustun qo‘yishga qaratilgan qabul tizimining muhim jihati bo‘ldi.
Imtihon jarayonlarining ochiqligini ta’minlash maqsadida ota-onalarga ham qulaylik yaratildi. Ular farzandlarining test sinovlarida ishtirok etish jarayonini onlayn tarzda kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Bu nafaqat shaffoflikni ta’minladi, balki qabul jarayoniga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamladi.
[gallery-30251]
Mutaxassislarning qayd etishicha, saralash jarayonida nomzodlarning fanlar bo‘yicha bilimi bilan birga mantiqiy fikrlash qobiliyati va intellektual salohiyati ham asosiy mezon sifatida baholanadi. Shu bois ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul jarayoni kelajakda ilm-fan va raqamli texnologiyalar sohasida yetuk mutaxassislar bo‘lib yetishadigan yoshlarni aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Guliston filialida 2026–2027 o‘quv yili uchun 5-sinfga uchta sinf tashkil etilib, har biriga 24 nafardan, jami 72 nafar o‘quvchi qabul qilinadi. Bu esa bir o‘rin uchun qariyb 51 nafar nomzod raqobatlashganini anglatadi. Yuqori raqobat esa mazkur ta’lim muassasasining nufuzi, ta’lim sifati va unda yaratilgan imkoniyatlarga bo‘lgan qiziqish ortib borayotganini yaqqol ko‘rsatdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, eng munosib, bilimli va iqtidorli nomzodlar Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Guliston filiali o‘quvchilari safiga qabul qilinadi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA