Inson huquqlari madaniyati va yoshlar tashabbusi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili(Ombudsman)ning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan “Ombudsman soati” loyihasi bo‘yicha “Inson huquqlari madaniyati va yoshlar tashabbusi” mavzusida onlayn konferensiya o‘tkazildi.
Samarqand shahridagi umumta’lim maktablari o‘quvchilari va yoshlar yetakchilari ishtirokida o‘tkazilgan anjumanda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish va bunda Ombudsmanning o‘rni, uning vazifa va vakolatlari hamda fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi haqida tushuncha berildi.
Shuningdek, 2026-yil 14-oktabrda qabul qilingan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimini takomillashtirish maqsadida kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar mohiyati tushuntirildi.
Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi vakili tomonidan yoshlar huquqlari va raqamli muhit: shaxsiy ma’lumotlar, internet xavfsizligi va shaxsiy hayot daxlsizligi mavzusida ma’ruza qilindi. Unda yoshlarning internetdan xavfsiz foydalanishi, shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilishi hamda raqamli muhitda o‘z huquqlarini bilishining ahamiyati tushuntirildi.

– Mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarning inson huquqlari va erkinliklari borasidagi huquqiy bilimlarini oshirish, huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan, – deydi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili(Ombudsman)ning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili Otabek Toshniyozov. – Konferensiya davomida huquqshunoslar tomonidan bu haqda tushuncha berish bilan birga bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga oid qonunchilikdagi o‘zgarishlar haqida so‘z yuritildi. Qonunga ko‘ra, bolalar tarbiyasi bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaslik, zararli axborot tarqatish hamda komissiyalar qarorlarini ijro etmaslik uchun tegishli jarimalar belgilangan. Shuningdek, ta’lim xodimlarining zo‘ravonlik uchun javobgarligi aniqlashtirilib, jabrlangan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatilishi belgilandi. Bu haqda yoshlar yetakchilari va o‘qituvchilarga alohida tushuntirish berildi.
Muloqot davomida yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, inson huquqlari madaniyatini keng targ‘ib qilish va bu borada yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan fikr va takliflar bildirildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javoblar berildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri