O‘zbekiston Yashil iqlim jamg‘armasi bilan hamkorlikni kengaytirmoqda
Joriy yil 6–7-oktabr kunlari Gruziyaning Tbilisi shahrida Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan Yashil iqlim jamg‘armasining Mintaqaviy muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston delegatsiyasiga Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi maslahatchisi Alisher Salomov rahbarlik qildi.
Tadbirda iqlimni moliyalashtirish, investitsiya loyihalarini tayyorlash, mamlakatlarning iqlim platformalarini rivojlantirish va mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston tomoni strategik muloqotdan aniq investitsiyaviy tashabbuslarni amalga oshirishga o‘tish zarurligini ta’kidladi. Xususan, erta ogohlantirish tizimlari, iqlim va ekologik ma’lumotlar almashinuvi, suv resurslarini boshqarish, atmosfera havosi sifati, iqlim o‘zgarishiga moslashish va dekarbonizatsiya yo‘nalishlarida mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish taklif etildi.
Yashil iqlim jamg‘armasi rahbariyati bilan muzokaralarda O‘zbekistonning iqlim moliyalashtirishidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, “O‘zsanoatqurilishbank” ATBni akkreditatsiyadan o‘tkazish jarayonini qo‘llab-quvvatlash hamda yangi investitsiyaviy loyihalar portfelini shakllantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, chiqindilarni boshqarish, suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish, barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, sanoatni dekarbonizatsiya qilish va iqlimga chidamli infratuzilma yaratish investitsiyalar uchun ustuvor yo‘nalishlar sifatida taqdim etildi.
Tadbir doirasida BMTning Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (UNIDO), ACTED, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda “Incofin Investment Management” vakillari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazildi.
Uchrashuvlarda O‘zbekistonda yashil sanoatlashtirish xabini tashkil etish, O‘zbekiston va Qirg‘iz Respublikai uchun iqlimiy mikromoliyalashtirish loyihasini ishlab chiqish, ekologik sug‘urta, chiqindilarni boshqarish, yerlarni tiklash va qishloq xo‘jaligida xususiy moliyalashtirishni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Yaponiyaning Chuo universiteti vakillari bilan chang va qum bo‘ronlarini sun’iy yo‘ldosh monitoringi asosida kuzatish va erta ogohlantirish tizimini rivojlantirish, shuningdek, issiqxona gazlari tashlamalarini kamaytirish bo‘yicha tashabbuslar ko‘rib chiqildi.
Gruziya tomoni bilan esa COP31 doirasida O‘zbekiston va Gruziyaning qo‘shma tadbirlarini o‘tkazish masalasini ishlab chiqishga kelishib olindi.
Yakunlar bo‘yicha yangi iqlim loyihalarini tayyorlash, xalqaro va xususiy moliyalashtirish manbalarini jalb etish hamda mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlar belgilab olindi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA