Putin Tramp va Si Szinpinga Ukraina bo‘yicha sammit o‘tkazishni taklif qildi (+video)
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSH yetakchisi Donald Tramp va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan oliy darajali uchrashuv o‘tkazishni taklifini ilgari surdi. Uning maqsadi – to‘rt yildan beri davom etayotgan Ukraina bilan urushni Moskva sharti asosida tugatish bo‘yicha kelishuvga erishish. Bu haqda 18-oktabr kuni “The Wall Street Journal” muzokara jarayonidan xabardor manbalarga tayanib xabar bergan.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Kreml tadbir 18-19-noyabr kunlari Xitoyda bo‘lib o‘tadigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi sammiti doirasida uyushtirilishini xohlayapti.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov gazetaga bergan izohida uchrashuv o‘tkazish imkoniyati muhokama qilinayotganini tasdiqladi.
– Muloqot va ehtimoliy kun tartibi bo‘yicha hali aniq to‘xtamga kelingani yo‘q, – degan u. – Binobarin, har uch tomon shunday muzokara imkoni nazariy jihatdan mavjudligini tan olmoqda.
AQSH ma’muriyati yuqori mansabdori Oq uy rahbari hozircha yangi sammit o‘tkazishga rozilik bildirmasa-da, mazkur g‘oyaga nisbatan munosabati ijobiy bo‘lishi mumkinligiga urg‘u bergan.
Putin ushbu tashabbusni 9-oktabr kuni Tramp bilan telefon suhbati chog‘ida oshkor qilgan. Suhbat davomida Rossiyadan AQSHga dizel yonilg‘isi yetkazib berish bo‘yicha ham kelishuvga erishilgan.
16-oktabr kuni esa Tramp maxsus farmon bilan Moskvaga nisbatan joriy etilgan muhim sanksiyani bekor qildi.
Darvoqe, Oq uy, Rossiya va Xitoyning Vashingtondagi elchixonalari ommaviy axborot vositalari vakillari ayni mavzuda izoh so‘rab yuborgan murojaatlariga javob bermagan.
Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA