BAA va Saudiya Yamanni qo‘llab-quvvatlaydi
Birlashgan Arab Amirliklari Yamandagi mojaroga qayta qo‘shilish, xusiylarga qarshi kurashayotgan ba’zi hukumat kuchlariga to‘lovni qayta tiklashga rozi bo‘ldi. Buning evaziga Saudiya Arabistoni ushbu kuchlarni havodan himoya qiladi, deya xabar tarqatdi “The Guardian” nashri manbalarga tayanib.
Janubiy tuzilmalar, asosan “Gigant brigadalar” ilgari BAA tomonidan o‘qitilgan va moliyalashtirilgan. Bu guruhlar parchalanib ketgan xusiylarga qarshi koalitsiyadagi eng samarali kuchlardan biri hisoblanadi. Yanvar oyida Amirliklar Yamandagi faoliyatini to‘xtatib, mazkur bo‘linmalarni moliyalashtirmay қўйганди.
Yangi kelishuv Yamanning kelajagi bo‘yicha chuqur kelishmovchilikka ega BAA va Saudiya yaqinlashuvining dastlabki aniq belgisidir. Zero, mamlakatda xusiylar oldinga siljishi Fors ko‘rfazi davlatlaridagi xavotirni kuchaytirmoqda.

Yamanning xalqaro miqyosda tan olingan hukumati Eronning mamlakat inqirozida o‘zini “vositachi” sifatida ko‘rsatishga urinishini qat’iyan inkor etdi. Rasmiylar ta’kidlashicha, “Xusiylarni qurollantirishda davom etish va qo‘llab-quvvatlash Tehronni muloqot vositachisi emas, balki urushda bevosita ishtirok etuvchi tomon” ekanini isbotlaydi.
– Eron rejimi vositachilik taklif qilish o‘rniga, Yamandan qo‘lini tortishi, qurolini olib ketishi, mamlakatlar suverenitetini hurmat qilishi va yaxshi qo‘shnichilik tamoyiliga amal qilishi kerak, – dedi Yaman tashqi ishlar vaziri Afra Abdulaziz Al-Zuba.
U Islom Respublikasi taklifini “Yaman xalqi va Eron quroli qurbonlari oilalariga qarshi buzg‘unchilik” deya ta’rifladi.
S.Rahimov, O‘zA