Prezidentimiz jazo qo‘llaydigan tashkilotlar mas’ullarining ongi va dunyoqarashi o‘zgarishi zarurligini ta’kidladi
Davlatimiz rahbari odamlar biznes boshlab, eksportga chiqishi uchun barcha sharoit yaratilayotganini ta’kidladi.
Hozir 51 ta vazirlik va idorada 322 ta yo‘nalishda moliyaviy jarima qo‘llash vakolati bor. 2024-2026-yillarda qariyb 3 trillion so‘mlik jarima qo‘llanilgan.
Prezidentimiz jazo qo‘llaydigan tashkilotlar mas’ullarining ongi va dunyoqarashi o‘zgarishi zarurligini ta’kidladi. Ular tadbirkorni jazolashdan oldin unga imkoniyat berish va to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishni o‘rganishi kerak.
Tashqi bozorda raqobat kuchayayotgan sharoitda ishlab chiqaruvchi va eksportchilar uchun to‘lov hamda yig‘imlarni kamaytirish masalasi ham ko‘tarildi.
Misol sifatida bir fura gilosni eksport qilishda bojxona yig‘imi, fumigatsiya, sertifikat va deklarant xizmati uchun 5 million so‘mgacha qo‘shimcha xarajat qilinayotgani aytildi.
Barcha vazir va tarmoq rahbarlariga bir haftada tizimidagi byurokratiya, jarima, to‘lov va yig‘imlarni keskin kamaytirish, biznes muhitini yaxshilash bo‘yicha takliflarni Prezident Administratsiyasiga kiritish topshirildi.
O‘zA