Iqtisodiyotda yuqori o‘sishni ta’minlash va aholi farovonligini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida hudud va tarmoqlarda o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha joriy yilning birinchi yarmida erishilgan natijalar va yil yakunigacha amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yil boshidan mamlakatimiz iqtisodiyoti 8,5 foizga o‘sdi. Sanoatda 8 foiz, xizmatlarda 16,9 foiz, qurilishda 13,8 foiz, qishloq xo‘jaligida 4,7 foiz o‘sish ta’minlandi. Investitsiyalar hajmi 28 milliard dollarga, eksport 14,4 milliard dollarga yetdi. “Fitch” va “Moody’s” xalqaro reyting agentliklari mamlakatimiz suveren kredit reytingini bir pog‘ona yaxshiladi.
Shu bilan birga, davlatimiz rahbari 40 millionli aholi hayotini yaxshilash uchun 9-10 foizli iqtisodiy o‘sish zarurligini ta’kidladi. Buning uchun hudud va tarmoq rahbarlari mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solishi, har bir loyiha va har bir korxona bo‘yicha aniq natijaga ishlashi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda hudud va tarmoq rahbarlarining olti oylik rejalari ijrosi tanqidiy tahlil qilindi. Ayrim hududlarda yalpi hududiy mahsulot, qurilish, investitsiya, sanoat va eksport ko‘rsatkichlari bo‘yicha zaxiralar to‘liq safarbar etilmagani qayd etildi. Oylik, choraklik va yillik rejalarni bajarmagan rahbarlarga nisbatan mas’uliyat kuchaytirilishi belgilandi.
Davlatimiz rahbari har bir vazir va hokimning ishi odamlarning yashash madaniyatida sezilmasa, tadbirkorlarning og‘irini yengil qilmasa, har qanday natija faqat “qog‘ozdagi raqam” bo‘lib qolishini ta’kidladi. Shu bois, joylarda infratuzilma, bandlik, tadbirkorlik va aholi daromadini oshirish bo‘yicha ishlar mutlaqo yangi yondashuv asosida tashkil etiladi.
Yig‘ilishda “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada “Dolzarb 40 kunlik” e’lon qilinib, 2 mingta eng og‘ir mahallada ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish boshlandi. Hokimlar ushbu mahallalarda elektr, gaz, yo‘l va suv masalalarini o‘z vaqtida hal qilishga shaxsan javobgar bo‘ladi.
Bandlik tizimi ehtiyojmand aholini o‘qitish, ishga joylashtirish va daromadini oshirish bo‘yicha hududma-hudud ishlaydi. Banklar va mahalla uyushmalari faoliyati ham qayta ko‘rib chiqilib, keyingi uch oy ular uchun amaliy attestatsiya davri bo‘lishi belgilandi. Mahallalarda obodlik, ozodalik va yashash madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha ham aniq vazifalar qo‘yildi.
Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va biznes muhitini yaxshilash masalalari ham muhokama qilindi. Hozir 51 ta vazirlik va idorada 322 ta yo‘nalishda moliyaviy jarima qo‘llash vakolati borligi, 2024-2026-yillarda qariyb 3 trillion so‘mlik jarima qo‘llanilgani qayd etildi. Prezidentimiz nazorat qiluvchi idoralar tadbirkorga avval imkoniyat berishi va to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishni o‘rganishi kerakligini ta’kidladi.
Tashqi bozorlarda raqobat kuchayib borayotgan bir paytda eksportchilar uchun to‘lov, yig‘im va ortiqcha xarajatlarni kamaytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Barcha vazirlik va idoralarga tizimidagi byurokratiya, jarima, to‘lov va yig‘imlarni qisqartirish, biznes muhitini yanada yaxshilash bo‘yicha takliflar kiritish topshirildi.
Sanoat va eksport ko‘rsatkichlari ham tanqidiy ko‘rib chiqildi. Ayrim tuman va shaharlarda sanoat o‘sishi sur’ati pasaygani, eksport bo‘yicha kutilgan o‘zgarish bo‘lmagani qayd etildi. Bosh vazirga natija ko‘rsatmagan hokimlar faoliyatini ko‘rib chiqish, to‘qqiz oy yakuniga qadar o‘zgarish bo‘lmasa, mas’ul rahbarlarga nisbatan qat’iy chora ko‘rish topshirildi.
Strategik korxonalar xarajatlari tahlilida ayrim yirik korxonalarda mahsulot tannarxi oshgani ko‘rsatib o‘tildi. Shuningdek, energetika tarmoqlarida yo‘qotishlar yuqoriligi, elektr energiyasi va gaz taqsimotida samaradorlikni oshirish zarurligi ta’kidlandi. Yirik kompaniyalarning bozor qiymatini oshirish, IPO jarayonlariga tayyorlash va tashqi investorlar uchun jozibadorligini kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.
Soliq tushumlari yil boshidan 27 foizga ko‘payib, 130 trillion so‘mdan oshgan bo‘lsa-da, qo‘shimcha tushum bo‘yicha yillik reja yetarli darajada bajarilmayotgani tanqid qilindi.
Ishlab chiqarishni tiklash va xususiylashtirish bo‘yicha ham muhim vazifalar belgilandi. Hozir ayrim to‘qimachilik korxonalari ishlamay turgani oqibatida 5 trillion so‘mlik mahsulot va 400 million dollarlik eksport imkoniyati boy berilayotgani aytildi. Yil boshidan 57 ta tarmoq va 76 ta hududiy korxona ishlab chiqarishni 11 trillion so‘mga kamaytirgani ham tanqid qilindi.
Mutasaddilarga ishlamay turgan korxonalarni birma-bir tahlil qilib, ular faoliyatini tiklash topshirildi. Shuningdek, yangi xususiylashtirish dasturi doirasida 100 trillion so‘mlik ko‘chmas mulk, yer maydonlari va davlat ulushlarini savdoga chiqarish, davlat aktivlarini olgan tadbirkorlar uchun to‘lov shartlarini yengillashtirish belgilandi.
So‘nggi uch yilda 11 milliard dollarlik 509 ta eksportbop quvvat ishga tushirilgan bo‘lsa-da, ularning 208 tasi hali eksportga chiqmagan. Agar ushbu korxonalar mahsulotining kamida 30-40 foizi tashqi bozorlarga yo‘naltirilsa, qo‘shimcha 1,5-2 milliard dollar valyuta tushumi ta’minlanishi mumkin.
47 ta maxsus iqtisodiy zonaning 29 tasida yil boshidan buyon umuman eksport bo‘lmagani ham tanqid qilindi. Mutasaddilarga “tezkor brigadalar” tashkil etib, eksportga chiqmagan korxonalar va maxsus iqtisodiy zonalarda sertifikat, aylanma mablag‘, bozor va logistika bilan bog‘liq masalalarni tezkor hal qilish topshirildi.
Milliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham vazifalar belgilandi. So‘nggi ikki yilda bu yo‘nalishda 15,5 milliard so‘mlik moliyaviy yordam ko‘rsatilgan. Lekin o‘z brendini ro‘yxatdan o‘tkazgan mahalliy korxonalarning uchdan biri hali eksportga chiqmagan. Shu bois, mahalliy brendlarni tashqi bozorlarga olib chiqish va ularni demping hamda kontrafakt mahsulotlardan himoya qilish bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi.
Tashqi savdo yuklarining 70 foizi temir yo‘l orqali tashilishi, biroq bu yo‘nalishda tadbirkorlardan e’tirozlar ko‘pligi qayd etildi. Yuk vagonlarining yetishmasligi, ayrim temir yo‘l liniyalarida yuklama yuqoriligi sababli logistikada qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda. Mutasaddilarga qo‘shimcha vagonlarni jalb qilish, temir yo‘l infratuzilmasi uchun Jahon bankidan 200 million dollar mablag‘ jalb etish bo‘yicha kelishuvga erishish topshirildi.
Oliy darajadagi tashriflar doirasida erishilgan kelishuvlar ijrosi ham ko‘rib chiqildi. So‘nggi yillarda 52 ta tashrif davomida 213 milliard dollarlik 1 ming 617 ta investitsiya loyihasi bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan. Endi ushbu “yo‘l xaritalari” ijrosi Hisob palatasi va Tashqi ishlar vazirligi tomonidan qat’iy nazorat qilinadi.
Bosh vazirga har hafta tarmoq rahbarlari, hokimlar va elchilar bilan birga loyihalar ijrosini davlatlar kesimida muhokama qilish topshirildi. Prezident Administratsiyasi oldiga iqtisodiy diplomatiya, investitsiya va eksport bo‘yicha diplomatik vakolatxonalar faoliyatini qayta ko‘rib chiqish, o‘z vazifasini bajara olmayotgan rahbarlar o‘rniga yosh va zamonaviy fikrlaydigan kadrlarni tavsiya etish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda inflyatsiyani jilovlash va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalalari ham muhokama qilindi. Viloyat hokimlari yanvar-iyun oylarida inflyatsiyani 3 foizdan oshirmaslikni maqsad qilgan bo‘lsa-da, aksariyat hududlarda bu vazifa bajarilmagani qayd etildi. Go‘sht narxi oshgani munosabati bilan import go‘shtni samolyotda tashish xarajatlarini qoplash uchun 300 milliard so‘m ajratilgani aytildi.
Qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalari chorvachilikdagi haqiqiy holatni ko‘rsatib bergani ta’kidlandi. Chorvachilik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha mablag‘lar yo‘naltiriladi, yil yakunigacha chetdan 100 ming bosh qoramol va 150 ming bosh qo‘y-echki olib kelish vazifasi qo‘yildi.
Meva-sabzavot va kartoshka zaxirasini shakllantirish, sovitkichli omborlar qurish va oziq-ovqat jamg‘armalarini to‘ldirish bo‘yicha ham aniq choralar belgilandi. Yil yakunigacha 87 ming tonna quvvatga ega 340 ta sovitkichli omborni ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.
Davlatimiz rahbari global iqtisodiyotdagi noaniqliklar qancha davom etishini hech kim oldindan ayta olmasligini qayd etdi. Asosiy hamkor davlatlarda iqtisodiy faollik sekinlashayotgani mahalliy korxonalarimizga, ayniqsa, eksportchilarga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shu sababli barcha rahbarlar har qanday xatarni hisobga olgan holda o‘z zaxiralarini safarbar qilishga tayyor bo‘lishi shartligi ta’kidlandi. Tarmoq va hududlarga biriktirilgan “aql markazlari” bilan birga 15-avgustgacha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqiladi.
Ushbu takliflar “resurs – infratuzilma – loyiha – ishlab chiqarish – byudjetga tushum – eksport” zanjirini o‘zaro bog‘liq holda rivojlantirishga qaratilgan bo‘ladi. 2027-yil uchun makroiqtisodiy parametrlar, byudjet, investitsiya va eksport dasturlari yangicha yondashuv – “safarbarlik ssenariysi” asosida tayyorlanadi.
Yig‘ilishda vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlarning hisobotlari, belgilangan topshiriqlar ijrosini joylarda tashkil etish bo‘yicha rejalari tinglandi.